O‘zbek ayollari qachon Markaziy Bank raisi bo‘lishi mumkin - Kristin Lagard javobi

Xalqaro valyuta jamg‘armasi rahbari Kristin Lagard ishda qanday muvaffaqiyat qozonish sirlari bilan bo‘lishdi
Sputnik

TOShKENT, 17-may – Sputnik. O‘zbekistonlik ayollar ham MB raisi lavozimini egallashlari mumkin, faqat buning uchun ulardan o‘ziga bo‘lgan ishonch va harakat talab etiladi, dedi bugun Markaziy bankda talabalar bilan tashkil etilgan uchrashuvda Xalqaro valyuta jamg‘armasi rahbari Kristin Lagard.

Xodjayeva: davlat boshqaruv organlarida ayollar atigi 17 %ni tashkil qiladi

Lagarddan bunday global tashkilotga rahbarlik qilish qiyin emasmi, O‘zbekiston Markaziy banki raisi bo‘lishni xohlovchi ayollardan nima talab etiladi, deya so‘rashdi.

"Barcha yutuqlar zamirida tinimsiz, mashaqqatli mehnat yotadi. Ayniqsa, gap ayollar haqida borsa. Biz, ayollar, qo‘limizdan keladigan ishlarni ko‘rsatish uchun hammadan ko‘p tirishqoqlik ko‘rsatishimiz, o‘z kuchimizni har doim isbotlashimiz kerak bo‘ladi. Ya’ni har doim o‘z oldimizga qo‘ygan maqsadimiz sari intilishimiz, dadil olg‘a qadam tashlashimiz, hech qachon ortga chekinmasligimiz va hech qachon agressiv (jahldor) bo‘lmasligimiz kerak. Negaki, biz erkaklar va ayollar bilan birgalikda bitta jamoada ishlashimiz kerak bo‘ladi. Agarda sizda o‘zingizga nisbatan ishonch bo‘lsa va harakatchan bo‘lsangiz, siz hech kimga tahdid bo‘lmaysiz. Siz kuch, ijobiy kuch bo‘lasiz, va o‘ylaymanki, hozirda bu yerda o‘tirganlarning ayrimlari albatta, qachondir MB raisi bo‘ladi", - deya iqtibos keltirmoqda Lagard so‘zlaridan Sputnik O‘zbekiston.

U shuningdek, ishning baxtli bo‘lishdagi ahamiyati haqida ham qo‘shimcha qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ish tashkilotga integrallashishga, professional jamiyatning bir bo‘lagiga aylanishga yordam beradi. Va shu ma’noda, Lagard fikricha, ish baxtli bo‘lishda muhim rol o‘ynaydi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Butunjahon banki tomonidan o‘tkazilgan "Ayollar, biznes va qonun - 2019" tadqiqoti natijalariga ko‘ra, gender tenglikka erishgan mamlakatlar reytingida 70.6 ball olgan. Gvatemala va Kongoning ko‘rsatkichi ham taxminan shunchani tashkil etadi.