TOShKENT, 17-may – Sputnik. Marche du Film kinobozorida O‘zbekiston milliy pavilonda American Film Market nufuzli kinobozori tashkilotchilari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston milliy kinokomissiya matbuot xizmati xabar qildi.
Unda AQShning Santa Monika shahrida bo‘lib o‘tadigan butunjahon kinoyarmarkasida O‘zbekistonni ilk bor kinolokatsiya va qo‘shma kinoloyixalar uchun hamkor sifatida taqdim etiliishi bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Ushbu kinotadbirda ham endi O‘zbekistonning ushbu yo‘nalishlardagi salohiyatini namoyish etish maqsadida O‘zbekiston milliy paviloni ochilishi kutilmoqda.
O‘zbekiston delegatlari, shuningdek, Kanada pavilonida bo‘lib, Toronto xalqaro kinofestivali doirasidagi kinobozorda qatnashish uchun muzokara olib borib, kelishuvga erishdi. Toronto festivalida o‘zbekistonlik yosh kinoijodkorlarning qisqa metrajli filmlari bilan ishtirok etishi ham muhokama qilindi.
O‘zbekiston paviloni Berlin xalqaro kinofestivali doirasidagi Yevropa kinomarketi tashkilotchisi Yohanna Det bilan ko‘rishib, nufuzli festivalning 70- yubiley soni doirasida yanada samarali hamkorlik qilish masalalari muhokama qilinib, shartnoma tuzish ishlari boshlandi.