Dunyoda birinchi: Germaniyada haydovchisiz uchar taksi namoyish qilindi – foto, video

Elektr energiya bilan ishlaydigan bu qurilma soatiga 300 kmni bosib o‘tishi mumkin.
Sputnik

TOShKENT, 17-may – Sputnik. Germaniyaning Lilium startap kompaniyasi besh o‘rindiqli uchar taksini namoyish qildi.

Kompaniyada ta’kidlanishicha, bu dunyoda birinchi tadqiqot. Lilium vakilining so‘zlariga ko‘ra, yaqinda qurilma sinovdan o‘tkazildi: o‘zi mustaqil havoga ko‘tarildi, havoda turib, yerga qo‘ndi.

Uchar taksini 36 dona elektr motor harakatga keltiradi. Bu vertikal tarzda ko‘tarish va qo‘nish imkonini beradi. Qurilma soatiga 300 kmni bosib o‘tishi mumkin.

Bir nechta kompaniyalar bunga o‘xshash qurilmalarni sinovdan o‘tkazishgandi, biroq ulardan hech biri bortiga ikkitadan ortiq odamni olish imkoniyatiga ega bo‘lmagandi.

“Biz har doim o‘rindiqlar sonini beshtaga yetkazishga harakat qilgandik – bu yanada ko‘proq sayohlar uchun osmonni ochib beradi”, - deydi Lilium asoschilardan biri Deniyel Vigand.

Dunyoda birinchi: Germaniyada haydovchisiz uchar taksi namoyish qilindi – foto, video

Endi qurilma yana bir necha sinov parvozlarini o‘tkazishi kerak bo‘ladi. Lilium kompaniyasi 2020-yil o‘rtalarida bu modellarni ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishga umid qiladi.

Uchar taksilar Airbus, Uber boshqa startap kompaniyalar tomonidan sinovdan o‘tkazilmoqda.

Ushbu transport vositasining tarafdorlarining so‘zlariga ko‘ra, uchar taksilar shahar aholisi harakatchanligini oshirib, atrof-muhitning ifloslanishini kamaytiradi.