TOShKENT, 16-may - Sputnik. O‘zbekiston xalq yozuvchisi Tohir Malik vafot etdi, deb xabar qilmoqda Sputnik muxbiri.
Xabarda aytilishiga ko‘ra, Tohir Malik shifoxonada jarrohlik amaliyotidan so‘ng vafot etgan.
O‘zbekiston xalq yozuvchisi, Tohir Malik (Tohir Abdumalikovich Hobilov) 1946-yil 27-dekabrda Toshkentda ziyolilar oilasida dunyoga kelgan. 1969-yilda ToshDUning jurnalistika fakultetini tamomlagan. 2000 yilda "O‘zbekiston xalq yozuvchisi" unvonini olgan.
O‘zbek adabiyotida Tohir Malik o‘zining “Falak”, “Somon yo‘li elchilari”, “Tiriklik suvi”, “Zaharli g‘ubor”, “Chorrahada qolgan odamlar” va boshqa fantastik, “Charxpalak”, “Qaldirg‘och” “Bir ko‘cha, bir kecha”, “So‘nggi o‘q”, “Shaytanat”, “Ov”, “Murdalar gapirmaydilar”, “Iblis devori”, “Mehmon tuyg‘ular”, “Jinoyatning uzun yo‘li”, “Odamiylik mulki” singari detektiv va ma’rifiy asarlari bilan tanilgan va kitobxonlarning sevimli adibiga aylangan.
Badiiy asarlar yozishdan tashqari Tohir Malik bir qator rus va xorijiy adiblar asarlarini o‘zbek tiliga tarjima ham qilgan.