TOShKENT, 15-may — Sputnik. Bosh prokuratura matbuot xizmati uy savdosi vaqtida fuqarolar R.T. hamda N.L.ning qo‘lga olinishi haqidagi xabarlar yuzasidan rasmiy bayonot berdi.
“Rasman ma’lum qilamizki, Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari tomonidan bunday tadbir o‘tkazilmagan va o‘z-o‘zidan fuqarolar R.T. hamda N.L.larga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 177 va 189-moddalari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilmagan”, - deyiladi rasmiy bayonotda.
Avvalroq ba’zi OAVlarda O‘zbekiston Bosh prokuraturasi huzuridagi Departament tomonidan boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tadbirda 2 xonali uyni 25 ming AQSh dollari evaziga sotayotgan fuqarolar qo‘lga olingani haqida xabarlar tarqalgan edi.