Turkiya O‘zbekiston avtotashuvchilari uchun kirish vizasini bekor qildi

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an 9-may kuni tegishli qarorga imzo chekdi.
Sputnik

TOShKENT, 15-may — Sputnik. Turkiya O‘zbekiston avtotashuvchilari uchun 30 kun muddatga vizasiz kirish tartibini joriy qildi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar qilmoqda.

Turkiya O‘zbekistonda traktorlar ishlab chiqarishni boshlaydi

Qayd etilishicha, O‘zbekiston prezidentining Turkiya Respublikasiga tashrifi chog‘ida 2017-yil 25-oktabr kuni imzolangan “Yo‘lovchi va yuklarni avtomobillarda xalqaro tashuvlar to‘g‘risida”gi hukumatlararo bitimni amalga oshirish doirasida Turkiya hukumati tomonidan O‘zbekiston avtotashuvchilari uchun Turkiyaga 30 kun muddatga vizasiz kirish tartibi joriy qilingan.

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an 9-may kuni tegishli qarorga imzo chekdi va u 2019-yilning 10-mayidan qonuniy kuchga kirdi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2018-yil oktabr oyida Rajab Toyib Erdo‘g‘onning taklifiga binoan Turkiyaga davlat tashrifi bilan keldi. O‘zbekiston va Turkiya prezidentlari Shavkat Mirziyoyev va Toyib Erdo‘g‘on o‘rtasida o‘tkazilgan muzokaralar yakunida ikki mamlakat o‘rtasida hamkorlikning turli sohalariga doir 20 dan ziyod hujjat imzolandi.