Yo‘l talashdi: Toshkentda ikki haydovchining janjali jinoiy ish ochilishiga sabab bo‘ldi

Toshkent xalqa yo‘lida ikki haydovchi janjallashib qoldi. Ular o‘rtasidagi kelishmovchilik bir-birlariga yo‘l bermaganliklari sababli yuzaga chiqqan.
Sputnik

TOShKENT, 14-may – Sputnik. Toshkentda yo‘l talashgan ikki haydovchining janjali jinoiy ish ochilishiga olib keldi. Bu haqda Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati xabar qildi.

“24-aprel kuni soat 11.30 da Chilonzor tumanida “Neksiya-2” rusumli avtomobil haydovchisi 29 yoshli Obidjon Ch. Toshkent xalqa yo‘li bo‘ylab harakatlana turib, “Damas” rusumli avtomobil haydovchisi 31 yoshli Hasan I. bilan janjallashib qoldi. Kelishmovchilik haydovchilar bir-birlariga yo‘l bermaganliklari sababli yuzaga chiqqan”, - deyiladi xabarda.

IIBB xabariga ko‘ra, janjallashish haydovchilardan biri ikkinchisini urgan. Sud-tibbiy ekspertiza ma’lumotlariga ko‘ra, Hasan I.ga o‘rta og‘irlikdagi tan shikastlari yetgan. Obidjon Ch.ga nisbatan O‘zbekiston  Jinoyat kodeksining 277-moddasi 2-qismi (“Bezorilik”) bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.