Shavkat Mirziyoyev AQSh delegatsiyasini qabul qildi

Shavkat Mirziyoyev Missisipi shtati gubernatori Filipp Brayant boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Sputnik

TOShKENT, 14-may – Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 14-may kuni Missisipi shtati gubernatori Filipp Brayant boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar qildi.

Mirziyoyev qurilish materiallari narxini arzonlashtirish bo‘yicha vazifalarni belgilab berdi

O‘zbekistonga kelgan AQSh delegatsiyasi Missisipi shtati administratsiyasi, yetakchi tashkilotlari hamda savdo, innovatsiyalar, sanoat, qishloq xo‘jaligi va ta’lim sohalaridagi kompaniyalari vakillaridan iborat.

Uchrashuvda turli darajalarda aloqalar sezilarli faollashgani, o‘zaro savdo hajmi ikki barobar ortgani, investitsiyalar, agrar majmua, sanoat, transport, turizm va gumanitar almashinuv sohalarida hamkorlik bo‘yicha qo‘shma dastur va loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Shavkat Mirziyoyev AQSh delegatsiyasini qabul qildi

O‘zbekiston bilan Missisipi shtati o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalari batafsil ko‘rib chiqildi.

Qishloq xo‘jaligi, biotexnologiyalar va agrokimyo, o‘simlikshunoslik, chorvachilik va baliqchilik, to‘qimachilik va logistika sohalarida, avvalo, AQShning ilg‘or texnologiya va bilimlarini joriy etish asosida zamonaviy klasterlar va ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish orqali istiqbolli loyihalarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.

Aniq loyiha va dasturlarni tayyorlash va amalga oshirish bo‘yicha ikki tomonlama komissiya faoliyatini yo‘lga qo‘yish xususida kelishuvga erishildi.

Shuningdek, joriy yil 16-17 may kunlari Navoiy shahrida AQSh va Kanadaning 40 dan ortiq kompaniyasi ishtirokida bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston-AQSh-Kanada biznes forumi ishbilarmon doiralar o‘rtasida uzoq muddatli sheriklik aloqalarini o‘rnatishga xizmat qilishi qayd etildi.

AQSh delegatsiyasi a’zolari O‘zbekistonda sifat jihatidan yangi bosqichda amalga oshirilayotgan, barcha soha va yo‘nalishlarni qamrab olgan islohotlarning natijadorligiga yuksak baho berdi. Idoralararo muloqotlarni faollashtirish va qo‘shma tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashga tayyorlik bildirildi.

Uchrashuv yakunida tomonlarning O‘zbekiston va Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘rtasidagi do‘stlik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash, keng ko‘lamli hamkorlikni kengaytirish borasidagi intilishi qat’iy ekani ta’kidlandi.