Monopoliyaga qarshi kurash qo‘mitasi viloyat hokimi qarorini bekor qildi

Monopoliyadan chiqarish qo‘mitasi Surxondaryo hokimining, viloyatda sug‘urta bilan faqat shu yerda ro‘yxatdan o‘tgan korxonalar shug‘ullanadi, degan qarorini bekor qildi.
Sputnik

TOShKENT, 14-may – Sputnik. Monopoliyaga qarshi kurash qo‘mitasi Surxondaryo viloyati sobiq hokimining sug‘urta kompaniyalari faoliyatini cheklashga qaratilgan qarorini bekor qildi, deb xabar qilmoqda qo‘mita matbuot xizmati.

Xabarda aytilishiga ko‘ra, Qo‘mitaga “UNIVERSAL SUG’URTA” hamda “ALFA INVEST” kompaniyalari bosh ofisidan ularning Surxondaryo viloyatidagi filiallari faoliyati cheklanayotgani haqida arizalar kelib tushgan.

O‘zbekistonda yana bir monopoliya paydo bo‘lmoqda

Keyin ma’lum bo‘lishicha, 2019-yilning 7-fevral kuni bo‘lib o‘tgan video-selektor majlisida  viloyatda sug‘urtalash faoliyati bilan faqat Surxondaryo viloyatida ro‘yxatdan o‘tgan korxonalar shug‘ullanadi, deyilgan va davlat boshqaruv organlariga tegishli ko‘rsatmalar berilgan.  

Monopoliyaga qarshi kurash qo‘mitasi ushbu holatni o‘rganib chiqqib, raqobat erkinligi haqidagi qonun normalari buzilganini aniqlagan va jamlangan materiallarni Qo‘mitaning maxsus komissiyasi ixtiyoriga havola qilgan.

Surxondaryo viloyati hokimiyati Monopoliyadan chiqarish qo‘mitasi qaroriga rozi bo‘lib, oldin berilgan topshiriqni bekor qildi.

Eslatib o‘tamiz, Surxondaryo viloyatining sobiq hokimi v.b. Baxodir Pulatov aprel oyida o‘z lavozimidan ozod qilingan edi. Uning o‘rniga Tura Abdiyevich Bobolov tayinlangan.