Ekspert O‘zbekistonda ortiqcha vaznga qarshi kurashish haqida: an’analarni o‘zgartirish lozim

O‘zbekiston noto‘g‘ri ovqatlanish tufayli yuz beradigan o‘lim holatlari darajasi bo‘yicha yetakchilardan. Rossiya Oziq-ovqat, biotexnologiya va xavfsizlik federal ilmiy tekshirish markazining katta ilmiy xodimi, tibbiyot fanlari nomzodi Natalya Denisova ushbu holatni bartaraf qilish uchun yoshlar va bolalar o‘rtasida turli ishlar olib borish kerak deb hisoblaydi.
Sputnik

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi fuqarolarni sog‘lom turmush tarziga rioya etish, to‘g‘ri ovqatlanish va ortiqcha vazndan forig‘ bo‘lish maqsadida jismoniy faollikka ko‘proq vaqt ajratishga chorlamoqda.  

Rossiyalik ekspertning fikriga ko‘ra, bugungi kunda butun dunyoda semizlikka va shu sababli yuzaga kelayotgan kasalliklarga qarshi kurashish uchun ovqatlanish ratsioni qayta ko‘rib chiqilmoqda.

Mudofaa vazirligi Toshkentda salomatlik aksiyasi o‘tkazdi

“Shubhasiz, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, yuqori jismoniy faollik va sport bilan shug‘ullanish uzoq umr ko‘rishga ko‘maklashadi. To‘g‘ri ovqatlanish haqida to‘xtaladigan bo‘lsak, bu haqda erta yoshdan tushuntirish ishlarini olib borish kerak. Oilada, ayniqsa, ta’lim muassasalarida muvofiqlashtirilgan ratsion bo‘lishi shart. Bolalarning harakatchanligi – ularning salomatligi sari qo‘yilgan yana bir qadam. Afsuski, hozir ular juda ko‘p vaqtlarini kompyuter qarshisida yoki gajetlari bilan ovora bo‘lgan holda o‘tkazishadi, kam harakat qilishadi”, - deya achinadi Denisova.

Shuningdek, u oilalarda dasturxonga ko‘p va yog‘li taomlar tortish an’anasi inson organizmi uchun yomon ta’sir ko‘rsatishini qo‘shimcha qildi.

“An’analarni o‘zgartirish juda qiyin, lekin bora-bora buni o‘zgartirish zarur. Kundalik ratsionga ko‘proq vitaminlar va foydali mahsulotlarni kiritish maqsadga muvofiq”, - deya o‘z fikrini yakunladi ekspert.