Mustaqil OAVlarni qo‘llab-quvvatlash fondi direktori qo‘lga olindi

Said-Abdulaziz Yusupov takroran firibgarlik jinoyati sodir etganlikda ayblanmoqda.
Sputnik

TOShKENT, 12-may – Sputnik. O‘zbekiston Mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi direktori Said-Abdulaziz Yusupov 10-may kuni qo‘lga olindi, deb xabar qilmoqda Daryo nashri Bosh prokuraturaga asosan.

Said-Abdulaziz Yusupovga O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 168-moddasida ko‘zda tutilgan firibgarlik jinoyatida gumonlanmoqda. Unga nisbatan sudgacha qamoqqa olish  ehtiyot chorasini qo‘llash masalasi ko‘rilmoqda.

“Yusupov o‘zini yolg‘ondan Davlat xavfsizlik xizmati mas’ul xodimi deb bildirib, uzoq vaqt davomida firibgarlik yo‘li bilan odamlardan juda katta miqdorda pul olganligi faktlari aniqlangan”, — deyiladi Bosh prokuratura axborotida.

Prokuratura xabarida aytilishiga ko‘ra,bu firibgarlik holati Yusupov tomonidan takroran sodir etilgan jinoyat hisoblanadi. U avval xam Jinoyat kodeksining shu moddasi bo‘yicha jinoiy javobgarlikka tortilganligi aniqlangan.