Besh yuzdan ortiq Moldova fuqarolari O‘zbekistondan chiqarib yuborildi

Bir qator qonunbuzarliklarga yo‘l qo‘ygan 500ga yaqin Moldova fuqarolari O‘zbekistondan chiqarib yuborildi.
Sputnik

TAShKENT, 11-maya — Sputnik. O‘zbekiston huquqni saqlash organlari 500 nafarga yaqin moldovalik idish-tovoq sotuvchilarni O‘zbekistondan chiqarib yubordi, deb xabar qilmoqda Toshkent shahar IIBB.

IIBB xabariga ko‘ra, 2015 - 2018-yillar orasida Toshkentda aholi tomonidan Moldovadan kelgan va o‘zini tadbirkor deb tanishtirgan fuqarolar ustidan ko‘plab arizalar kelib tushgan. Firibgarlik va o‘g‘irlik jinoyatlari aniqlangani tufayli o‘nlab jinoiy ishlar qo‘zg‘atilgan.

"Bundan tashqari chet el fuqarolariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi hududida bo‘lish qoidalarini buzilganligi bilan bog‘liq faktlar bo‘yicha yuzdan ortiq ma’muriy bayonnomalar tuzilib, 500 ga yaqin Moldova fuqarolari respublikamizdan chiqarib yuborilganlar. Soliq organlari xodimlari Toshkent shahar IIBB bilan hamkorlikda o‘tkazgan tadbirlar natijasida O‘zbekiston Respublikasi soliq qonunchiligi buzilganligi bo‘yicha yuzdan ortiq faktlar aniqlangan”, - deyilgan xabarda.

Xabarda aytilishiga ko‘ra, ushbu yilning bahorida Toshkent shahrida qariyalar va va yosh onalarga ayrim mahsulotlarni qimmatbaho xorijiy tovar sifatida 3-4 barobar qimmat sotayotgan Moldova fuqarolari ustildan  ko‘plab arizalar kelib tushgan.

Keyinchalik aniqlanishiga ko‘ra, ushbu “qimmatbaho tovarlar” aslida “Bek Baraka”, “Chilonzor buyum bozori” yoki “Toshkent savdo markazida” sotib olingan oddiy mahsulotlar bo‘lgan.  

IIBB o‘z navbatida, aholi orasida tushuntirish ishlari olib borgan, fuqarolarni qo‘lda sotilayotgan idish-tovoq, kosmetika va choyshablarni sotib olishga shoshilmaslikka chaqirgan.

Ko‘rilgan tezkor choralar natijasida, keyingi vaqtlarda bozorga borishi imkoni bo‘lmagan qariyalar va yosh onalarni aldayotgan “moldovalik tadbirkorlar” Toshkent shahrida ko‘rinmay qolgan.