Toshkentlik tergovchi turkiyalik investorni 47 ming dollarga chuv tushirdi

Surishtiruv ishlari davomida tergovchi Aliyev xorijlik investor Bozkurtning jami 47 ming 300 dollari miqdoridagi pulini shilib olgan. Lekin kamomadni keltirib chiqargan aybdorlarni topib bera olmagan.
Sputnik

TOShKENT, 10-may - Sputnik. Toshkentlik tergovchi turkiyalik investorni 47 ming 300 dollarga chuv tushirdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi xabar qilmoqda.

Toshkentda “Davr bank”ning ikki xodimi hibsga olindi

Xabarda aytilishicha, 2017 yil avgust oyida Turkiya fuqarosi Osmon Bozkurtga tegishli "Serbo Textile" mas’uliyati cheklangan jamiyatida 129 tonna tayyor trikotaj mahsuloti kamomadi aniqlangan va dastlabki surishtiruvlarda bu mahsulotlar talon-toroj qilingani ma’lum bo‘lgan. Shu bois huquqni muhofaza qiluvchi organga berilgan ariza tufayli ushbu holat yuzasidan  Mirzo Ulug‘bek tuman Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamenti tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi. Jinoyat ishi tuman prokuraturasi katta tergovchisi Valijon Aliyevga (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) topshiriladi.

Tergov ishlari davomida Aliyev xorijlik investor Bozkurtning jami 47 ming 300 dollari miqdoridagi pulini shilib olgan. Lekin kamomadni keltirib chiqargan aybdorlarni topib bera olmagan.

Aldanganini tushungan jabrlanuvchi esa oxir-oqibat huquq-tartibot organiga murojaat qilgan.

Tergovchi Aliyevga sodir qilgan jinoyati uchun 15-yil qamoq jazosi tayinlangan.