Olijanob aksiya: Toshkentda "G‘alaba diktanti" qanday o‘tdi?

O‘zbekiston fuqarolari Rossotrudnichestvo tashabbusi bilan tashkil etilgan yangi maydon - “G‘alaba diktanti” aksiyasida ilk bor Ulug‘ Vatan urushi haqidagi bilimlarini sinab ko‘rish imkoniga ega bo‘ldilar.
Sputnik

TOShKENT, 8-may — Sputnik. Sputnik O‘zbekiston muxbiri Dilshoda Rahmatova "G‘alaba Diktanti" o‘tkazilgan maydonchada bo‘lib, o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.

Rossotrudnichestvo binosi tomon yo‘l olar ekanman, O‘zbekiston uchun yangilik bo‘lgan aksiyada ishtirok etishga shoshilayotgan o‘nlab ko‘ngillilar qatoridan o‘rin oldim.

Olijanob aksiya: Toshkentda "G‘alaba diktanti" qanday o‘tdi?

"Siz ham "Diktant"da ishtirok etasizmi?”, – savol berdim yonimda ketib borayotgan ayolga. U g‘urur bilan bosh silkidi, so‘ngra go‘yo meni ogohlantirmoqchi bo‘lganday, tezda so‘radi: “Voy, "G‘alaba diktanti” test shaklida o‘tkazilishini bilasizmi?”

Men "ha" dedim. Ma’lum bo‘lishicha, suhbatdoshim diktant yozma shaklda bo‘ladi, deb o‘ylagan ekan, biroq yangi format ham unga manzur bo‘ldi - u savollarga javoblarni qisqa vaqtda belgilash mumkinligidan xursand edi.

Tadbir yuksak darajada tashkil qilingandi. Aksiyada ishtirok etish uchun tashrif buyurganlarning barchasi birma-bir ro‘yxatga olindi, ularning har biriga maxsus qora rangli gelli ruchkalar tarqatildi. Aksiyada ishtirok etuvchilarga shuningdek, Georgiy tasmasi ulashildi va tashkilotchilarga yordamga kelgan volonter qizlar fuqarolarni maxsus tayyorlangan auditoriyalarga kuzatib qo‘yishdi.

Olijanob aksiya: Toshkentda "G‘alaba diktanti" qanday o‘tdi?

Men diktantni kuzatmoqchi bo‘lgan auditoriya 25 kishiga mo‘ljallangan. Birinchi bor o‘tkazilayotgan aksiyada esa jami 50 fuqaro ishtirok etdi. Diktant boshlanishiga yarim soatdan kamroq vaqt qolgan edi, va bu daqiqalar xursandchilik va ko‘tarinki kayfiyatda o‘tdi. Ishtirokchilar bir-birlari bilan ochiq chehra bilan suhbatlashishar, aksiya haqidagi taassurotlari bilan o‘rtoqlashishar edi. Ishtirokchilar kayfiyatidan ular "G‘alaba Diktanti" aksiyasida ishtirok etayotganlaridan cheksiz faxrlanayotganini, shu tariqa urush qatnashchilariga hurmat bajo keltirishni o‘zlarini burchi deb qabul qilganliklarini payqash qiyin emas edi.

Aksiyaga kim tashrif buyurdi?

Diktantda ishtirok etayotgan yosh ayollardan biri tadbirda turli yoshdagi ishtirokchilarni ko‘rib, hayron bo‘lganini aytdi. “Men maktab o‘quvchilari kelishsa kerak, deb o‘ylagandim. Lekin hatto katta yoshdagi ayollar ham ishtirok etishga qaror qilishganini ko‘rib, hayratim oshdi”, - dedi u.

Roppa-rosa 14:00 da auditoriyaga istarali, xushmuomala qiz kirib keldi. U to‘planganlarga diktant yozish tartibi va ushbu "olijanob" aksiyaning ilk bor o‘tkazilayotgani haqida so‘zladi.

“Bu aksiya yana bir bor tinchlik hammamiz uchun muhim ekanligini ko‘rsatadi. Barchamiz birga ekanmiz, xotira bor ekan – eng ezgu va muqaddas tuyg‘u shudir”, - deb ta’kidladi u.

So‘ngra ishtirokchilarga Ulug‘ Vatan urushi tarixi to‘g‘risida 20 ta savollar berilgan blankalar tarqatildi. Tabiiyki, diktant vaqtida gadjet va turli mobil vositalardan foydalanish ta’qiqlandi.

Olijanob aksiya: Toshkentda "G‘alaba diktanti" qanday o‘tdi?

G‘alabani qo‘lga kiritish uchun belgilangan mezonlar oddiy edi: kam vaqt ichida ko‘proq to‘g‘ri javoblarni belgilash lozim.

Diktantdan so‘ng qatnashchilar fikriga qiziqdim. Ta’kidlashlaricha, savollar unchalik qiyin bo‘lmagan. Toshkentlik Yelena "G‘alaba Diktanti" Ulug‘ Vatan urushining asosiy voqealarini xotirada qayta tiklashga yordam berganini va u o‘zi uchun yangi ma’lumotlarni bilib olganini aytdi.

“Ushbu aksiya ajdodlarimizning tinchlik uchun jon fido qilgan vaqtlarni yodga soladi. Ular bizning hayotimiz va kelajagimiz uchun qurbon bo‘lishgan. Axir Ulug‘ vatan urushi va u haqdagi xotiralar ko‘p millatli mamlakatimizda istiqomat qilayotgan har bir kishi uchun  - bu muqaddas. Shunga o‘xshash aksiyalar o‘tkazilayotgani juda to‘g‘ri”, - dedi u.

Kelgusi yil Rossotrudnichestvo maydonchalar sonini ko‘paytirishni rejalashtirmoqda, ehtimol, mazkur aksiya mamlakatning boshqa regionlarida ham o‘tkaziladi.