TOShKENT, 8-may - Sputnik. O‘zbekiston prezident Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona viloyati faollari ishtirokidagi yig‘ilishda aholini ish bilan ta’minlash, daromadlarini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratdi, deb xabar qilmoqda prezident matbuot-xizmati.
Davlat rahbari "Har bir oila - tadbirkor" dasturi doirasida o‘z biznesini boshlamoqchi bo‘lgan oilalarni aniqlab, ikki-uch oy ichida ularga belgilangan miqdordagi imtiyozli kreditlarni to‘liq ajratish zarurligini ta’kidlagan.
Farg‘ona – mohir hunarmandlar, usta dehqonlar yurti. Bu yerning ko‘nchilik, bog‘dorchilik an’analari – tayyor brend, shu bois, viloyatda charm va poyabzal mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shimcha loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, "Charm-attorlik markazi"ni tashkil etish bo‘yicha topshiriqlar berilgan.
Shuningdek, kelgusi ikki yilda Oltiariq tumanida 3 ming gektar maydonda uzumchilik, Quva tumanida 2 ming gektarda anorchilik, Quvasoy shahrida 2 ming gektar maydonda giloschilik klasterlari tashkil etilishi ma’lum qilingan.
Yaqin yillarda Oltiariq tumanini to‘liq uzum yetishtirishga ixtisoslashtirish, ilmiy tadqiqot institutlari va Toshkent davlat agrar universiteti olimlarining tavsiyalari asosida bog‘ va tok qator oralarida bozorbop sabzavotlar yetishtirish rejalashtirilgani ta’kidlangan.