TOShKENT, 6-may — Sputnik. Andijon viloyatida yuz bergan yo‘l-transport hodisasi oqibatida ikki kishi halok bo‘ldi.
O‘zbekiston IIV Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar boshqarmasining xabar qilishicha, 5-may kuni Andijon viloyatining Jalaquduq tumanida fuqaro o‘zining “Damas” rusumli avtomashinasini Madaniyat mahalla hududida haydab ketayotgan vaqtda boshqaruvni eplay olmay qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketgan. Oqibatda esa shu yerda harakatlanib kelayotgan boshqa fuqaro boshqaruvidagi NOWO rusumli yuk avtomashinasi bilan to‘qnashuv sodir etgan.
“Natijada “Damas” avtomashinasi yo‘lovchisi, haydovchining turmush o‘rtog‘i 60 yoshli A.K. jarohat olib voqea joyida va haydovchi kasalxonaga keltirilganida vafot etganlar. Shuningdek, qolgan yo‘lovchilari, haydovchining kelini 32 yoshli M.T. va uning 2 yoshli qizi S.X.lar jarohat olib kasalxonaga yotqizilganlar”, - deyiladi xabarda.
Hozirda holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.