O‘zbekistonga dronlarni noqonuniy olib kirganlik uchun qamoq jazosi belgilandi

Mazkur o‘zgartirish va qo‘shimchalar 6 oydan so‘ng kuchga kiradi
Sputnik

TOShKENT, 3-may - Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi qonunni imzoladi.

Jinoyat kodeksiga uchuvchisiz uchadigan apparatlarni qonunga xilof ravishda olib kirish, o‘tkazish, olish, saqlash yoki ulardan foydalanish uchun uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi kiritildi.

Mazkur harakatlar og‘irlashtiruvchi holatlarda sodir etilsa sakkiz yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Shuningdek, uchuvchisiz uchadigan apparatlarni saqlash va ulardan foydalanish tartibini buzish ham jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Mazkur o‘zgartirish va qo‘shimchalar 6 oydan so‘ng kuchga kiradi.