TOShKENT, 3-may - Sputnik. O‘zbekiston Senati raisi Nig‘matulla Yo‘ldoshev 2017-2018 yillarda 1190 nafar fuqaro ovqatdan zaharlanganini ma’lum qildi. XPK xabariga asosan.
Davlat sanitariya - epidemiologiya nazorati respublika markazi ma’lumotlariga ko‘ra, 2017-2018 yillarda 1190 nafar fuqaro ovqatdan zaharlangan, ularning 222 nafari bolalar bo‘lib, 9 nafari vafot etgan.
"Mamlakatdagi dehqon bozorlarining sanitariya - epidemiologik holati ham talabga javob bermaydi. Ma’lumotlarga ko‘ra, jami 300 ga yaqin dehqon bozori va ularning 150 dan ortiq shoxobchasining aksariyati ichimlik suvi bilan to‘liq ta’minlanmagan, savdo rastalari yetishmaydi, tez buziluvchi oziq-ovqat mahsulotlarini sotish uchun maxsus rastalar va sharoitlar yaratilmagan", - dedi Yo‘ldoshev.
Xususan, veterinariya - sanitariya laboratoriyalari tashkil etilmagan, chiqindilarni yig‘ish uchun maxsus joylar ajratilmagan.
Dehqon bozorlarida sanitariya – gigiyena talablariga javob bermaydigan, bozor hududining ochiq maydonlarida yoki uy sharoitida tayyorlangan taomlar bilan savdo qilish amaliyoti tobora avj olmoqda. 2018 yilda o‘tkazilgan sanitariya nazorati tadbirlarida dehqon bozorlaridagi 46.855 nafar sotuvchi tibbiy ko‘rikdan o‘tmaganligi aniqlangan.
Eslatib o‘tamiz, bugun – 3-may O‘zbekiston Oliy Majlisi Senatining o‘n to‘qqizinchi yalpi majlisi o‘z ishini boshladi. Yalpi majlis kun tartibiga 20 dan ziyod masala kiritilgan. Senatorlar 8 qonun va boshqa masalalarni ko‘rib chiqishi kutilmoqda.