Poroshenko Zelenskiyning inauguratsiya marosimini buzmoqchi - OAV

Saylov rasmiy natijalari 30-aprel kuni e’lon qilinishi, inauguratsiya esa 3-iyungacha bo‘lib o‘tishi kerak.
Sputnik

TOShKENT, 25 apr — Sputnik. Petr Poroshenko tarafdorlari Ukrainaning yangi saylangan prezidenti Vladimir Zelenskiyning inauguratsiya  marosimini buzmoqchi, deb xabar qilmoqda Strana.ua nashri.

Buning uchun Poroshenko jamoasi Ukraina Konstitutsion sudi rahbari Stanislav Shevchukni iste’foga chiqarmoqchi. Ukraina qonunlariga muvofiq yangi saylangan prezident vakolatlarini inauguratsiya marosimida Konstitutsion sud rahbari qabul qiladi. Agar ushbu lavozimda hech kim bo‘lmasa, yangi rahbar tayinlanguniga qadar, inauguratsiyani kechiktirishga to‘g‘ri keladi.

Zelenskiy qachon rasman Ukraina prezidenti bo‘ladi?

Ukraina qonunlariga ko‘ra, Konstitutsion sud rahbarini hech kim lavozimidan bo‘shatish huquqiga ega emas. U faqat sudya maqomini yo‘qotganda ishdan ketishi mumkin.

Xabarda aytilishiga ko‘ra, Poroshenko jamoasi Konstitutsion sud rahbari Stanislav Shevchukni sudya maqomidan mahrum qilish uchun muhokama va ovoz berishni 25-aprelga mo‘ljallagan.  Lekin buning uchun Shevchuk bir necha barobar qo‘pol qoidabuzarliklar amalga oshirgani va o‘z majburiyatlarini doimiy ravishda bajarmagan  bo‘lishi kerak.  

Nashr yozishicha, Shevchuk haqida taaluqli hujjat allaqachon tayyorlangan. Uni sudyalik maqomidan mahrum qilish uchun Konstitutsion sudning 18 a’zosidan 12 nafari ovoz berishi kerak.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yakshanba kuni bo‘lib o‘tgan Ukraina prezident saylovida aktor Vladimir Zelenskiy Poroshenkodan salkam 3 baravar ko‘p ovoz to‘pladi – 73 %. Saylov rasmiy natijalari 30-aprel kuni e’lon qilinishi, inauguratsiya esa 3-iyungacha bo‘lib o‘tishi kerak.