Donesk va Lugansk aholisiga Rossiya fuqaroligini olish tartibi osonlashtirildi

Ayni damda Rossiyada bir milliondan ortiq Ukraina fuqarolari istiqomat qilmoqda.
Sputnik

TOShKENT, 24 apr - Sputnik. Rossiya prezidenti Vladimir Putin Donesk va Lugansk  viloyatlari aholisiga Rossiya fuqaroligini olish jarayonini osonlashtirdi, deb xabar qilmoqda rasmiy Kreml sayti.

“Ukrainaning Donesk va Lugansk viloyatlari hududlarida doimiy yashovchi kishilar uchun Rossiya fuqaroligini olishning soddalashtirilgan tartibi o‘rnatilsin, “Rossiya fuqaroligi haqida” nomli 62-sonli Federal qonunning 8 bandiga asosan”, - deyilgan hujjatda.

Xabarda aytilishiga ko‘ra, ushbu qaror xalqaro huquq normalariga asosan inson huquq va erkinliklarini himoya qilish maqsadida imzolangan.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning noyabr oyida Ukraina o‘z hududiga 16 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan Rossiya fuqarolarining kirishini ta’qiqlab qo‘ygan edi. Bunga javoban Rossiya hech qanday cheklov kiritmasligini, aksincha Ukraina fuqarolari uchun Rossiya fuqaroligini olish jarayonini osonlashtirishini e’lon qilgan edi.

Ayni damda Rossiyada bir milliondan ortiq Ukraina fuqarolari istiqomat qilmoqda. Ularning aksariyati Ukrainaning sharqiy hududlaridan. Ular Rossiya hududida, patent yoki yashashga ruxsatnoma asosida istiqomat qiladi. 77 ming kishi “vaqtincha qochqin” maqomiga ega.