TOShKENT, 19 apr — Sputnik. Joriy yilning dastlabki uch oyi davomida yengil avtomobillar importi 100 mln dollardan oshdi. Bu Davlat statistika qo‘mitasi e’lon qilgan ma’lumotlarda keltirib o‘tilgan.
Yanvar-mart oylarida O‘zbekistonga 106,4 mln dollarlik avtomobillar import qilingan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan qariyb 2,2 baravar ko‘p. Taqqoslash uchun: 2018-yil davomida yengil avtomobillar importi 319 million dollarni tashkil etgan edi. Bu davrda yuk avtomobillar importi faqatgina 51,6 foizga oshdi.
Chet el avtomobillari importining o‘sishi aynan yanvar oyida qimmatbaho xorijiy mashinalarni olib kirish yengillashtirilgani bilan bog‘liq. Agar avtomobil 40 ming dollar yoki undan qimmatroq tursa va ishlab chiqarilgan sanasidan ikki yil o‘tmagan bo‘lsa, unda unga nol stavkali boj va 20% aksiz solig‘i qo‘llaniladi.