TOShKENT, 18 apr – Sputnik. Toshkent shahar IIBB jurnalistlarning quyidagi savoliga javob berdi:
Toshkentdan yangi uy sotib olgan fuqaro, nima sababdan u yerda o‘zining voyaga yetgan farzandlarini va ularning voyaga yetmagan bolalarini ro‘yxatdan o‘tkaza olmaydi?
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 19-iyulda e’lon qilingan 527-sonli qarorining 1 bandiga asosan, Toshkentda uy sotib olgan fuqarolar ko‘chmas mulkni notarial rasmiylashtirilib, davlat reyestridan o‘tkazganidan so‘ng u yerda doimiy ro‘yxatdan (propiska) o‘tishlari mumkin.
Ushbu turar joyga ro‘yxatga qo‘yish, 2011-yilning 14-sentabrida qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining 296-sonli “Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy ro‘yxatga qo‘yilishi mumkin bo‘lgan shaxslar to‘g‘risidagi” qonuniga asosan amalga oshiriladi.
O‘zbekiston IIVning Migratsiyani va fuqarolikni rasmiylashtirish Bosh boshqarmasining 2017-yilning 14-dekabrida e’lon qilingan 22/25297 sonli ko‘rsatmasiga asosan, Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy ro‘yxatga qo‘yilgan jismoniy shaxslar o‘zlari sotib olgan turar joyga faqat quyidagi qarindoshlarini ro‘yxatdan o‘tkazishlari mumkin:
- Turmush o‘rtog‘ini;
- Voyaga yetmagan farzandlarini;
- O‘z oilasiga ega bo‘lmagan bolalarini;
- Oldingi nikohda paydo bo‘lgan bolalarini;
- Nikohsiz tug‘ilgan yoki asrab olingan bolalarini.
Shu bilan ushbu ro‘yxat qat’iy cheklangan.
Jurnalistlar so‘ragan shaxsning farzandi voyaga yetgan va o‘z oilasiga ega bo‘lganligi sababli unga va uning voyaga yetmagan bolalariga Toshkentda doimiy ro‘yxatdan o‘tishga ruxsat berilmagan, deyilgan IIBB xabarida.