Tashqi ishlar vazirligi Rossiyada ishlayotgan o‘zbekistonliklarga eslatma bilan chiqdi

O‘zbekiston fuqarosi O‘rinboyev ukasi vafot etganini ma’lum qildi hamda uning jasadini O‘zbekistonga yuborishda yordam so‘ragan.
Sputnik

TOShKENT, 17 apr – Sputnik. 2019-yilning 9-aprel kuni O‘zbekistonning Vladivostok shahridagi Bosh konsulxonasiga mamlakat fuqarosi Habibullo O‘rinboyev murojaat qilgan. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.

Xitoyda shunday vaziyatga tushib qolgan o‘zbekistonlik o‘nlab qizlar bor - TIV

Xabarda aytilishicha, O‘rinboyev Andijon viloyati Qo‘rg‘ontepa tumanidan bo‘lgan ukasi G‘olibjonning vafot etganini ma’lum qildi hamda uning jasadini vatanga yuborishda yordam so‘ragan. Kasallik tufayli olamdan o‘tgan ushbu fuqaro 2018-yilning mart oyidan buyon Primorye o‘lkasida qonuniy ravishda yashagan va ishchi sifatida turli faoliyatlar bilan shug‘ullangan.

Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg‘armasi hisobidan transport xarajatlarining bir qismini qoplashda ko‘mak berish masalasini muhokama qilish uchun Konsulxona Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Rossiyadagi Vakolatxonasi bilan bog‘langan.

Zarur hujjatlar rasmiylashtirilganidan so‘ng, Jamg‘arma yordamida marhumning jasadini akasi Vladivostok-Novosibirsk-Farg‘ona yo‘nalishida O‘zbekistonga olib ketgan.

Konsullik-huquqiy departamenti quyidagilar bo‘yicha eslatma bilan chiqdi:

“Agarda O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lgan yaqin qarindoshingiz yoki tanishingiz chet elda yordamga muhtojligi to‘g‘risida ma’lumotga ega bo‘lsangiz, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligiga yoki uning Rossiya Federatsiyasidagi Vakolatxonasiga murojaat qilishingiz tavsiya etiladi.

TIV Koreyadagi shifoxonada og‘ir ahvolda qolayotgan o‘zbekistonlik haqida ma’lumot berdi

Rossiya Federatsiyasidagi manzil: Moskva shahri, 1-Kazachiy tor ko‘chasi, 11/2 (1-y Kazachiy pereulok, 11/2).

Murojaat uchun telefon raqami: +7-903-507-76-67.

O‘zbekiston Respublikasida manzil: Toshkent shahri Olmazor tumani, Qamarniso ko‘chasi, 1-uy.

Murojaat uchun telefon raqami: +998-71-202-33-55 (ichki raqam: 16, 17). Telegram kanali: @migration_uz.”, - deyilgan TIV xabarida.