Yekaterinburgda qurilishga ishga kirish uchun kelgan to‘rt nafar o‘zbekistonlik vafot etdi

Yekaterinburg shahrida 2019-yil 17-aprelga o‘tar kechasi shaharning qurilish obektlaridan birida O‘zbekistonning to‘rt nafar fuqarosi vafot etdi.
Sputnik

TOShKENT, 17 apr — Sputnik. Rossiyaning Yekaterinburg shahrida 2019-yil 17-aprelga o‘tar kechasi shaharning qurilish obektlaridan birida O‘zbekistonning to‘rt nafar fuqarosi vafot etdi.

O‘zbekistonning Yekaterinburg shahridagi Bosh konsulxonasi ma’lumotiga ko‘ra, surxondaryolik Mengtoshev Shuhrat Uralovich, Qurbonov Akbarali Saidmurodovich, Ziyadullayev Ulug‘bek Olimjonovich, Choriyev Isroil Ravshanovich vafot etgan.

Tashqi ishlar vazirligi Rossiyada ishlayotgan o‘zbekistonliklarga eslatma bilan chiqdi

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ular yong‘in va gazdan zaharlanish oqibatida vafot etishgan.

Ma’lum bo‘lishicha, ushbu fuqarolar 15-aprel kuni Yekaterinburg shahri Akademik tumanidagi qurilish obektlaridan biriga ishga kirish uchun kelishgan.

Vazirlik xabarida ayni paytda vakolatli organlar tomonidan voqeaning barcha tafsilotlarini aniqlash uchun tergov oldi tadbirlari boshlangani ta’kidlangan.

Bosh konsulxona O‘zbekistonning Moskva shahridagi Elchixonasi bilan hamkorlikda mazkur vaziyat nazoratga olingan hamda vafot etganlarning jasadlarini vatanga qaytarish masalasi hal qilinayotganini ma’lum qilgan.