Uoll-strit investorlari O‘zbekistonga keladi

Uoll-stritlik badavlat investorlar O‘zbekistonga sarmoya kiritish imkoniyatini o‘rganmoqda.
Sputnik

TOShKENT, 15 apr – Sputnik. Nyu Yorkning eng yirik iqtisodiy birja, bank va sarmoya kompaniyalari joylashgan mashhur Uoll-stritning bir necha moliyaviy kompaniyalari sarmoya kiritish imkoniyatini o‘rganib chiqish maqsadida O‘zbekistonga keladi, deb xabar qilmoqda Xalq so‘zi O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligiga asosan.

Xorijiy kompaniyalar “Tashkent City”ga 1,3 milliard dollar sarmoya kiritishga tayyor

Xabarda aytilishiga ko‘ra, yaqinda O‘zbekistonning AQShdagi elchixonasida Uoll-stritdagi Amerikaning yetakchi korporatsiyalari, fond va banklari vakillari bilan kengaytirilgan uchrashuv bo‘lib o‘tgan.

Unda Lazard Asset Management, GoldenTree Asset Management, Morgan Stanley Investment management, Eaton Vance Corp, Callaway Capital Management, VanEck, HIMCO, Jyske Capital, Oppenheimer, TIAA kabi 30dan ortiq yirik kompaniyalardan 50dan ziyod vakil ishtirok etgan.

Muloqot yakunida yaqin kunlar ichida Uoll-stritdagi bir nechta investitsiya korporatsiyalari mutasaddilarining O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishilgan. Ular kelgusida sarmoya ajratish maqsadida mahalliy bozorni o‘rganishadi.

Britaniya Jizzax neft zavodi qurilishiga sarmoya kiritishi mumkin

Forum davomida Shveysariyaning Vontobel banki portfeli menejeri Sergey Goncharov O‘zbekistonda hayotning barcha sohalarida olib borilayotgan tub o‘zgarishlar salohiyatli investorlarga ham ma’qul kelib, ularga ishonch bag‘ishlayotganini ta’kidladi.

Oppenheimer Co.Inc. bankining tahlil va suveren bozorlarni tadqiq qilish bo‘yicha boshqaruvchi direktori Natali Marshik esa O‘zbekistonning jahon moliya bozoriga ochilayotganini muhim deb atadi.

Xususan, u respublika rahbariyatining suveren yevroobligatsiyalarni joylashtirish, neft-gaz, qishloq xo‘jaligi, energetika sektorlarini isloh qilish, qolaversa, moliya sohasini liberallashtirish borasidagi sa’y-harakatlarini alohida e’tirof etgan.