Tokayev Mirziyoyevga nima va’da qildi – video

Qozog‘iston prezidenti Kasim-Jomart Tokayev O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan 14-aprel kuni O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan keldi.
Sputnik

Bugun Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston prezidenti Kasim-Jomart Tokayev o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi, shundan so‘ng ikki davlat rahbari jurnalistlar oldida qo‘shma bayonot bilan chiqish qildilar.

Prezident Mirziyoyev o‘z nutqi avvalida Tokayevni prezident etib tayinlangani bilan tabriklab, birinchi davlat tashrifini aynan O‘zbekistondan boshlaganida ramziy ma’no borligini va buning uchun Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyevdan minnatdorligini bildirdi.

"Iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish masalalariga katta ahamiyat qaratdik. Qozog‘iston va O‘zbekiston Markaziy Osiyoda savdo-iqtisodiy sohada yetakchi pozitsiyani egallab kelmoqda. Mintaqa savdo aylanmasining 50%i bizning hissamizga to‘g‘ri kelmoqda. Bu yuqori ko‘rsatkichni ushlab turish uchun biz turli choralarni qo‘llab kelamiz va bundan keyin ham qo‘llaymiz", - dedi Tokayev.

Ikkala tomon ham 2020-yil yakuniga kelib, ikkiyoqlama savdo aylanmasini 5 milliard dollarga yetkazishni o‘z oldilariga maqsad qilib olganliklarini bildirdilar.

Tokayevning O‘zbekistonga tashrifi davomida bo‘lib o‘tgan muzokaralarda transport, logistika, sanoat kooperatsiyasi sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.