TOShKENT, 10 apr — Sputnik. GM Uzbekistan O‘zbekiston Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining kompaniya avtomobillarining tumanga qarshi faralarsiz yetkazib berilganligi holatlari aniqlanganligi bo‘yicha xabari yuzasidan rasmiy ma’lumot berdi.
Xabarda ta’kidlanishicha, avtomobillarni tumanga qarshi faralarsiz xaridorlarga yetkazilish holatlari mazkur butlovchi qismning yetkazib berilishida kechikish yuzaga kelganligi sababli xaridorlarni ogohlantirgan va ular bilan kelishilgan holda amalga oshirilgan. Avtomobillarni egalariga o‘z vaqtida yetkazib berish maqsadida kompaniya ularni vaqtincha tumanga qarshi faralarsiz, keyinchalik o‘rnatib berish sharti bilan qaror qabul qilgan.
“Tumanga qarshi faralarning Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining talabi bilan qo‘yib berilganligi haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi, sababi avtomobillarga mazkur butlovchi qismlarni o‘rnatib berish GM Uzbekistan kompaniyasi tomonidan doimiy nazoratda bo‘lgan va bu haqda xaridorlar ham ogohlantirilgan”, - deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, bugun ayrim ommaviy axborot vositalarida O‘zbekiston Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan GM Uzbekistan avtomobillarining tumanga qarshi faralarsiz yetkazib berilganligi holatlari aniqlanganligi bo‘yicha xabar e’lon qilingan edi.