Tug‘ruqxonadagi jirkanch jinoyat: chaqaloq yuz dollarga sotildi

Chaqaloq boshqa fuqaroga soxta hujjatlar rasmiylashtirish orqali sotib yuborilgan.
Sputnik

TOShKENT, 9 apr – Sputnik. Yangiyo‘l tumani tibbiyot birlashmasiga qarashli tug‘ruq bo‘limi jinoyat sodir etildi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar qildi.  

Xabarda aytilishicha, departamentning Yangiyo‘l shahar bo‘limi va IIB xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tekshirishda, Yangiyo‘l tumani tibbiyot birlashmasiga qarashli tug‘ruq bo‘limi akusher-ginekologi R.X., fuqaro Z.E.ning 01.04.2019 yilda tug‘ilgan qiz farzandini go‘yoki o‘ldi deb xabar berib, bu haqda hech qanday ma’lumot qayd etmasdan, 100 AQSh dollari evaziga chaqaloqni fuqaro S.M. dunyoga keltirgan deb, uning nomiga tug‘ruq haqida soxta hujjatlar rasmiylashtirish orqali sotib yuborganligi aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, shu oy boshida Farg‘onada 5 kunlik chaqaloqni 500 dollarga sotayotgan hamshiralar qo‘lga olinganligi haqida xabar berilgandi. 

O‘zbekiston tumanining tibbiyot birlashmasiga qarashli tug‘ruqxona bo‘limi hamshiralari A.I. va R.Q.lar, fuqaro G.T.ning  5 kunlik o‘g‘il farzandini tug‘ruqxona bo‘limida fuqaro M.R.ga 500 AQSh dollariga sotayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.