O‘zbekistonda birinchi “Biznes-akselerator” o‘quv markazi ochiladi

Sirdaryo viloyatida birinchi “Biznes-akselerator” o‘quv-amaliy markazi ochiladi.
Sputnik

TOShKENT, 9 apr – Sputnik. “Biznes-akselerator o‘quv-amaliy markazi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi hukumat qarori loyihasi tayyorlandi.

Toshkentda xalqaro innovatsion markaz Delta city quriladi

Qaror loyihasida Innovatsion rivojlanish vazirligi, Savdo-sanoat palatasi va Sirdaryo viloyat hokimligining O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Innovatsion ishlanmalarni joriy etish ilmiy-amaliy markazi qoshida davlat muassasasi shaklidagi maktabgacha yoshdagi bolalar innovatsion texnoparkini o‘z ichiga olgan “Biznes-akselerator” o‘quv-amaliy markazini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.

Hujjatda aytilishicha, Markazning asosiy vazifalari:

- yuqori malakali mutaxassislarni jalb qilgan holda bozor iqtisodiyoti tamoyillariga mos keluvchi o‘quv kurslarini tashkil etish;

- maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyalanuvchilari uchun Bolalar innovatsion texnoparkini tashkil qilish va faoliyatini ta’minlash;

- Sirdaryo viloyatida kichik ishlab chiqarish tadbirkorlik subyektlarini tashkil etishga ko‘maklashish va marketing sohasida bilim berish;

- yoshlarda tadbirkorlikka bo‘lgan qiziqishni uyg‘otish, biznesni yuritish qoidalarini o‘rgatish va normativ-huquqiy hujjatlar bilan ishlash bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarni shakllantirish;

- qulay muhitda yosh tadbirkorlarning biznesini yo‘lga qo‘yish orqali qo‘shimcha ish o‘rinlarini yaratishga ko‘maklashish;

- zamonaviy axborot va innovatsion pedagogik texnologiyalardan keng foydalangan holda o‘qitishni tashkil etish;

“Imkon” markazining tantanali ochilishi: loyiha kuratori Shahnoza Mirziyoyeva

- o‘quv kurslarini tamomlagan yoshlarga tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun investorlarni topishga ko‘maklashish;

- zamonaviy bilimlar asosida o‘sib kelayotgan yosh avlodda futuristik dunyo qarashni shakllantirish.

Qaror loyihasida qayd etilishicha, markazni joylashtirish va faoliyatini tashkil etish uchun Sirdaryo viloyati, Sirdaryo shahri, O‘zbekiston ko‘chasi, 86-uyda joylashgan Pedagogika kollejiga qarashli bo‘lgan talabalar yotoqxonasi binolari Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Innovatsion ishlanmalarni joriy etish ilmiy-amaliy Markazga operativ boshqaruv huquqi bilan bepul beriladi.