Toshkentda tilanchilik qilgani uchun ushlangan ayolga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atish rad etildi

Qaror mehr-muruvvat va insoniylik tamoyilidan kelib chiqib, shuningdek, hibsga olingan ayolning yoshini inobatga olib qabul qilindi.
Sputnik

TOShKENT, 4 apr - Sputnik. Yunusobod tuman IIB tergov bo‘limi tomonidan 1-aprel kuni tilanchilik qilgani uchun qo‘lga olingan ayolga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Bu haqda Toshkent IIBB matbuot xizmati xabar qildi.

Tilanchilik bilan shug‘ullanganlarga qamoq jazosi berilishi mumkin

Xabarda qayd etilishicha, qaror mehr-muruvvat va insoniylik tamoyilidan kelib chiqib, shuningdek, hibsga olingan ayolning yoshini inobatga olib qabul qilingan.

Tilanchilik uchun jazo yanada kuchaytirildi

“Mo‘’tabar Yu.ning turmush o‘rtog‘i va 4 nafar voyaga yetgan farzandi bo‘lib, barchasi ishli va uning ta’minotini uddalashga qodir. Tilanchilikni o‘ziga xos “xobbi”ga aylantirgan ayol va uning yaqinlari bilan jiddiy profilaktik suhbat o‘tkazildi”, - deya ta’kidlanadi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, 59 yoshli ayol 28-yanvar kuni xuddi shu qoidabuzarlik uchun ma’muriy javobgarlikka tortilgan va eng kam oylik ish haqining yarim barobari miqdorida jarima solingan. Ammo u 1-aprel kuni Bodomzor ko‘chasidagi masjid yaqinida tilanchilik qilayotganida yana ushlangan. Natijada unga nisbatan Jinoyat kodeksining 127-1-moddasi 1-qismi (“Tilanchilik”) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan edi.

Qo‘l cho‘zganga qamoq: O‘zbekistonda tilanchilik ta’qiqlanmoqda

O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 127-1-moddasiga ko‘ra, tilanchilik bilan shug‘ullanish, shunday qilmish uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, ikki yuz qirq soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud bir yilgacha ozodlikni cheklash yoki bir yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.