O‘zbekistonda yanvar-mart oylarida narxlar qanchaga oshdi?

Umumiy hisobda 2019-yilning yanvar-mart oylarida iste’mol bozoridagi tovar va xizmatlar narxi 4,3%ga qimmatlashdi.
Sputnik

TOShKENT, 1 apr – Sputnik. 2019-yilning mart oyi davomida tovarlar va xizmatlarning iste’mol narxlari o‘rtacha 1,2 %ga ko‘tarildi. Bu raqamlar Davlat statistika qo‘mitasi e’lon qilgan ma’lumotlarda keltirib o‘tilgan.

Umumiy hisobda 2019-yilning yanvar-mart oylarida iste’mol bozoridagi tovar va xizmatlar narxi 4,3%ga qimmatlashdi.  2019 yilning yanvar va fevral oylari davomida iste’mol bozoridagi narxlar 1,5% va 1,6%ga oshgan. 2018 yilning mart oyiga nisbatan respublika iste’mol sektoridagi o‘rtacha narxlar darajasi 13,6%ga ko‘tarilgan 

2019 yilning mart oyida tovarlar narxi o‘rtacha 1,2%ga, jumladan, oziq-ovqat mahsulotlari 1,5%, nooziq-ovqat mahsulotlari 0,8%ga oshdi. Xizmatlar esa oy davomida 1,2%ga qimmatlashdi. 2019-yilning mart oyida oziq-ovqat mahsulotlaridan narxlarning o‘sishi borasidagi yetakchilik meva-sabzavot hamda sut mahsulotlari guruhiga tegishlidir (narxlar mos ravishda 4,5% va 1,5%ga qimmatlashgan). Tuxum narxlari esa ketma-ket ikki oy davomida arzonlashgan (fevralda 0,2%, mart oyida 1,2%).

O‘zbekiston tashqi qarzi muntazam o‘sib bormoqda – bu yaxshimi yoki yomon?

Yil boshiga nisbatan umumiy hisobida meva-sabzavot mahsulotlari uch oy davomida 17,7%ga, jumladan, mevalar 21,9%, sabzavotlar 20,5% va kartoshka 1,3%ga qimmatlashgan. 

2018 yilning dekabr oyiga nisbatan narxlarning ko‘tarilish borasidagi keyingi yetakchi o‘rinlarni sut mahsulotlari (8,1%) hamda umumiy ovqatlanish band etgan (8,0%). 

Oy davomida meva-sabzavot mahsulotlaridan karam (15,7%), poliz mahsulotlari (tarvuz 11,1%, qovun 12,7%), pomidor (10,4%), uzum (9,4%), sabzi (7,2%) va piyoz (6,2%) narxlari sezilarli darajada qimmatlashdi. Shu bilan bir qatorda, bodring (3,1%) va kartoshka (0,4 %) narxlarining arzonlashganligi kuzatuv natijalarida qayd etilgan. Kuzatilayotgan boshqa turdagi meva va sabzavot mahsulotlari narxlarida deyarli jiddiy o‘zgarishlar qayd etilmadi. 

Bozorda go‘sht va sut narxini barqarorligini ta’minlash choralari belgilandi

2018 yilning dekabr oyiga nisbatan narxlarning o‘sishi borasidagi yetakchi o‘rinlar uzum (49,5%), tarvuz (45,1%), pomidor (44,6%), qovun (34,1%), karam (26,0%), nok (25,1%), bodring (14,6%) va banan (14,2%) mahsulotlariga tegishlidir. 

Yillik narx o‘zgarishlari tahliliga ko‘ra karam (3,1 baravar), sabzi (2,1 baravar), qovun (37,1%) va tarvuz (34,9%), sitrus hamda quruq mevalar (mos ravishda 17,2% va 17,0%) narxlari boshqalarga nisbatan birmuncha yuqori sur’atda qimmatlashdi. Shular bilan bir qatorda, sarimsoq (41,6%), uzum (33,0%), kartoshka (26,2%), piyoz (19,0%) va olma (18,6%) narxlari arzonlashgan. 

Joriy yilning mart oyi davomida sutli mahsulotlardan sut (2,4%), qatiq, chuchuk qatiq (2,3%), suzma (2,2%), suyultirilgan va kolbasali pishloq (2,1%) hamda qaymoq (1,5%) narxlari qimmatlashdi.

“2019 yilning I choragida ma’lumotlariga asosan, 2018-yilning dekabr oyiga nisbatan oziq-ovqat mahsulotlari umumiy narxi ko‘tarilishi 6,4 %ni tashkil etganligiga qaramay, umumiy natijada chorakning har bir oyidagi narxlar o‘sishi tendensiyasining sekinlashganini ko‘rishimiz mumkin. Ya’ni yanvar oyida oziq-ovqat mahsulotlari narxlari o‘rta hisobda 2,8%ga oshgan bo‘lsa, fevral ham mart oylardagi ko‘rsatgichlar mos ravishda 2,0% va 1,5:ni tashkil etgan”, - deyiladi Davlat statistika qo‘mitasi xabarida.

Xizmatlar va nooziqovqat mahsulotlar

O‘tgan davr mobaynida nooziq-ovqat mahsulotlar narxlari o‘sishi tasiri dinamikasi bir maromda kechmagan (yanvar oyida 13,3%, fevral oyida 32,9%gacha ko‘tarilib, mart oyida 23,7%gacha pasaygan). Xizmatlarning tasir ulushi esa doimiy ravishda o‘sib borgan (yanvar oyidan mart oyigacha 6,7%dan 22,0%gacha).

Nooziq-ovqat mahsulotlari narxlarining tasiri hissasi yanvar oyida 13,3%, fevralda 22,2%, mart oyida 23,3%ni tashkil etgan. Mart oyida nooziq-ovqat mahsulotlari narxlarining 0,8%ga qimmatlashishi, yig‘ma INIning oy davomidagi o‘sishiga 0,3 f.d.da ta’sir etdi.

Toshkent hayvonot bog‘ida narxlar oshdi

Joriy yilning mart oyida birmuncha yirik salmoq vaznga ega asosiy turdagi nooziq-ovqat mahsulotlari guruhi orasida shaxsiy gigiyena mahsulotlari (2,1%), kiyim-kechak (1,7%) va oyoq kiyim (1,3%) narxlarida asosiy o‘sish ko‘rsatkichlari qayd etilgan.

Avtomobillar uchun yoqilg‘i narxlari oy davomida o‘rtacha 0,3% (propan 1,5%, metan 0,3%)ga arzonlashgan.

2018 yilning mart oyidan 2019-yilning mart oyigacha uy-joy kommunal (25,3%) hamda ta’lim xizmatlari (23,1%) narxlari boshqa turdagi xizmatlarga nisbatan sezilarli darajada qimmatlashdi.