Qirg‘izistonda Putinga sovg‘a qilingan ot va itning narxi oshkor etilmadi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Qirg‘izistonga tashrif chog‘ida Qirg‘iziston prezidenti Sooranbay Jeenbekov unga orlov oti va taygan kuchuk bolasini sovg‘a qildi.
Sputnik

TOShKENT, 1 apr – Sputnik. Qirg‘iziston prezidenti apparati Vladimir Putinga sovg‘a qilingan ot va itning narxi to‘g‘risida ma’lumotlarni ochiqlamadi.

Vladimir Putin 28-mart kuni davlat tashrifi bilan Qirg‘izistonga kelgandi.

Qirg‘iziston prezidenti Sooranbay Jeenbekov do‘stlik belgisi sifatida Rossiya yetakchisiga orlov oti va taygan – qirg‘iz bo‘ribosar it bolasini sovg‘a qilgandi.

“Sovg‘a berganda, uning narxi aytilmaydi”, - deb ta’kidladi Qirg‘iziston prezident apparati tashqi siyosat bo‘limi mudiri Doniyor Sidikov.  

Shuningdek, apparatda sovg‘alar kimning puliga sotib olingani to‘g‘risida ma’lumot aytilmadi.

Qirg‘izistonda toza orlov zotli otning narxi 5 ming dollardan boshlanib, yarim million dollargacha yetib borishi mumkin.

Taygan kuchuk bolasining narxi esa 100 dollardan 700 dollarni tashkil qiladi.