Shahzoda: o‘g‘limning biri repper, ikkinchisi esa politsiyachi bo‘lishni xohlaydi

Kreml Davlat saroyida ommabop musiqa sohasida Bravo xalqaro professional musiqiy mukofotni topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. O‘zbek xonandasi Shahzoda ushbu festival mehmoni bo‘ldi.
Sputnik

TOShKENT, 29 mar – Sputnik. Tadbirdan oldin Sputnik muxbiri Shahzoda bilan musiqa, kinodagi rollari, o‘zbek shou-biznesining o‘ziga xos xususiyatlari hamda farzandlarining orzulari haqida suhbatlashdi.

Shahzoda Kremlda Filipp Kirkorovdan maxsus sovg‘ani qabul qilib oldi

Rep va politsiya haqidagi orzular

- Nima uchun O‘zbekistonda kamdan-kam konsert berasiz? Ko‘plab muxlislaringiz bir necha yillar davomida konsertlaringizni kutishadi.

- Haqiqatda men ko‘plab marotaba chiqish qilaman, xususan har yili "Xalqlar do‘stligi" saroyida yetti kunlik konsert beraman. Faqat o‘tgan yili tanaffus oldim, ammo tinim bilganim yo‘q. Poytaxtda yetti kunlik konsert o‘rniga viloyatlarda chiqish qildim, respublikamizning 12 ta viloyatida bo‘ldim.

- Qaysi shahar mehmondo‘stligi bilan ko‘nglingizni zabt etdi?

- Albatta mening ona shahrim - Farg‘ona. Yurtdoshlarim meni hamisha iliq kutib olishadi. Andijonda juda yaxshi qarshi olishdi. Juda xush yoqdi. Lekin men hamisha Toshkentga qaytishni yaxshi ko‘raman.

- Humo Arenada ham konsert berishga chaqirishdimi?

- Ha! Men Humo ochilish marosimida bo‘ldim. Juda hashamatli, o‘ta go‘zal bino.

Shahzoda: o‘g‘limning biri repper, ikkinchisi esa politsiyachi bo‘lishni xohlaydi

- Katta rasmiy konsertlarda kamdan-kam ishtirok etasiz. Nega?

- Toshkentda bo‘lganimda - bajonidil ishtirok etaman. Lekin afsuski, ish rejam haddan tig‘iz, men doimo safarlarda bo‘laman. Mana hozir ham Toshkentda Navro‘z ayyomi. "Shahzoda nega yo‘q?", - degan savol tug‘ilishi mumkin. Nega deganda Shahzoda Bravo mukofoti taqdimotida! Ba’zan shunday bo‘lib turadi.

- Litsenziyaga bo‘lgan talablari va aniq qoidalari bilan "O‘zbekkonsert" faoliyati ijod erkinligiga qanchalik mos keladi? 

- "O‘zbekkonsert" bilan munosabatim juda iliq va yaxshi. O‘ylaymanki, bizda artist istagan narsasini ijodiy yondashgan holda amalga oshira oladi. Cheklovlarga kelsak... kanallarda allaqanday senzura bor. Lekin inson istasa o‘z videosini bemalol YouTubyega joylashi mumkin. Bu yerda o‘z mentaliteti, tarbiyaviy xususiyatiga ega sharqona mamlakatligimizni tushunish lozim. Ehtimol bir necha yil oldin bu holat menda qattiq e’tiroz tug‘dirardi ham. Lekin mening ham farzandlarim ulg‘ayayotgani bois, men buni baribir to‘g‘ri deb bilaman.

- Farzandlaringizning artist bo‘lish istagi bormi?

- To‘ng‘ich o‘g‘lim Solih Plexanov nomidagi iqtisodiyot universitetini tamomlamoqda. Biroq negadir o‘z kasbi bo‘yicha ishlashni xohlamayapti, rep o‘qishni istamoqda. O‘zi matn yozadi. Biroq men uni bunda qo‘llab-quvvatlashga uncha tayyor emasman. Menga doim - artist - erkakka xos kasb emasdek tuyulgan. Men Solihga doim: "Bu sening xobbing bo‘lib qolsin", deyman.

Xonanda Shahzoda Kreml sahnasida qo‘shiq kuylaydi

- Ikkinchi o‘g‘lingiz, Xolid ham xonanda bo‘lmoqchimi?

- Umid qilamanki, istamaydi. U Britaniya maktabida tahsil oladi, ingliz tilida burro gapiradi. Xolid ona tilini esdan chiqarmasligi uchun faqat o‘zbek tilida gapiradigan va rus tilini bilmaydigan enagani ishga olganman. O‘g‘lim besh yoshida uch tilni mukammal biladi. Keyinchalik katta sinflarda yana bir til qo‘shiladi.

- Xullas, Xolid kim bo‘lishni xohlaydi?

- Kuni kecha undan bu haqda so‘radik va javobi hayron qoldirdi. U politsiyachi bo‘lishni xohlashini aytdi. Negaligini bilmayman. Ba’zan u uyg‘onib "Bugun meni qirol deb chaqiringlar!", deydi. Undan har kuni turli g‘oyalar chiqadi.

Shou-biznes sinov maktabi singari

- O‘zbek shou-biznesi Rossiya shou-biznesidan nimasi bilan farq qiladi?
- Oldinlari matn va ma’noga katta e’tibor qaratilar edi. Va bunday qo‘shiqlar umrboqiy bo‘lib qoldi. Ularda ma’no va jon bo‘lgan. Yangi qo‘shiqlar orasida ham menga yoqadigani bor. Lekin bu qo‘shiqlar uzoq yashashiga ishonchim komil emas. Menimcha, O‘zbekistonda qo‘shiq ko‘proq qalbdan kuylanadi.  

- Ota-onalar ham bu qo‘shiqni aytishga uyalmaydi.

- Ha, men hech kimni tanqid qilmayman. Ayniqsa, o‘g‘lim yaqinda rep aytadi. Buning oxiri nima bo‘lishini bilmayman.   

- Ehtimol, uning repertuaridan biror narsa tinglagandirsiz?

- Ha. Lekin men yomon narsa eshitganim yo‘q. O‘ylamanki, hammasi to‘g‘ri yo‘nalishda ketadi. Bunga dildan umid qilaman.

Shahzoda: o‘g‘limning biri repper, ikkinchisi esa politsiyachi bo‘lishni xohlaydi

- Shu yo‘lga endi qadam qo‘yayotgan yosh qo‘shiqchiga qanday maslahat bergan bo‘lardingiz?

- Men artist bo‘lish - katta mehnat talab etadi, degan bo‘lardim. Televizorda go‘zal kartina ko‘rsatilganda, uning ortida ulkan mehnat yotgani ko‘rinmaydi. Birinchi navbatda inson o‘zi ustida mehnat qilishi lozim. Shou-biznes - bu hayot uchun kurash. Men qariyb 20-yil sahnadaman, tajribam bilan o‘rtoqlashishim, biron maslahat berishim mumkin. Lekin men hamisha insonni xafa qilib qo‘yishdan qo‘rqaman. Yoshlarda o‘ziga bo‘lgan ishonch juda yuqori. Deylik, yosh artist o‘zini juda zo‘r qo‘shiqchi hisoblaydi. Va kutilmaganda unga: sen hali g‘o‘rsan, deya haqiqatni aytishadi. Kimdir bu vaziyatda sinadi, kimdir esa yanada kuchliroq bo‘ladi.

Samolyotga - kitob bilan, kinoga - ma’no bilan

- Yoshlar ko‘proq kitob o‘qishlari uchun nima maslahat bergan bo‘lardingiz?

- Tarbiyani oiladan boshlash kerak. Otam – falsafa fanlari doktori, ularda katta kutubxona bo‘lgan. Ular menga doim badiiy adabiyotni o‘qishni aytardilar. Biroq men ko‘proq psixologiya bilan qiziqardim.

- Kitob o‘qish uchun ko‘p vaqt qoladimi?

- Ha, albatta! Men bo‘sh vaqtimda albatta, kitob o‘qiyman. Masalan, parvozlar paytida.

- Kinoda keyingi rolingizni qachon kutish kerak?

- Men kino syemkalarni juda sog‘indim. Shunday davrlar bo‘lgan, men rol tanlamaganman. Hozir ham vaqt topishim mumkin, lekin ssenariy juda ajoyib bo‘lsagina.

- Siz o‘ynagan eng sevimli filmingiz qanday?

- Bu ehtimol "Fotima va Zuhra" filmidir. Kartina menga nafaqat O‘zbekiston, balki Kavkazda ko‘proq mashhur qilib yuborgan. Hatto tomoshabinlar konsertlarimga xonandaligim uchun emas, balki men ijro etgan qahramon Zuhrani tomosha qilish uchun kelishgan.