TOShKENT, 28 mar – Sputnik. Toshkent aeroportida bojxonachilar qariyb 500 gramm quyma tillani yutib, uchib ketishga uringan fuqarolarni ushladi.
Davlat bojxona qo‘mitasining xabar qilishicha, “Toshkent-Amritsar” yo‘nalishi bo‘yicha uchib ketmoqchi bo‘lgan va “yashil” yo‘lak orqali harakatlangan ikki nafar fuqarolar bojxona nazoratidan o‘tish chog‘ida bojxonachilarga hech qanday noqonuniy buyumlarni olib ketmayotganliklarini ma’lum qilishadi.
Biroq aeroportda o‘rnatilgan zamonaviy Body scanning qurilmasida ushbu shaxslar tekshiruvdan o‘tkazilganda ularning ichki a’zolarida metall jismlar borligi oshkor bo‘ladi.
“G.B. va S.X. lar jami vazni 451 grammni tashkil etuvchi, umumiy narxi 90 million so‘mlik 26 dona quyma tilla bo‘laklarini yutgan holda yurtimizdan olib chiqib ketishga urinishgan ekan”, - deyiladi bojxona xabarida.
Hozirda ushbu holat yuzasidan tekshiruv harakatlari davom ettirilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avalroq bojxonachilar tomonidan jami 8 dona quyma tilla bo‘laklarini olib o‘tish maqsadida yutib olgan shaxs qo‘lga olingani haqida xabar qilgan edik.