TOShKENT, 28 mar - Sputnik. Sayyor qabullarda aholidan kelib tushgan har bir murojaat Prezident administratsiyasi nazoratida turadi. Bu haqda Navoiy viloyati Nurota tumani aholisi uchun O‘zbekiston prezidenti administratsiyasi hamda viloyatdagi prezident Xalq qabulxonasi tomonidan tashkil etilgan ommaviy sayyor qabul davomida aytib o‘tildi.
Mazkur qabul viloyat markazidan 240 km uzoqlikda joylashgan Nurota tumanining "Temirqovuq" mahalla fuqarolar yig‘inida "Temirqovuq", "Chuqurquduq", "Cho‘pon ovul", "Qo‘ziboy quduq" qishloqlari hamda "Sentop" va "Kattasoy" mahalla fuqarolar yig‘ini aholisi uchun tashkil etildi. Unda 300dan ortiq fuqarolar ishtirok etib, mahalliy aholi uchun dolzarb bo‘lgan 100 ga masalalar bilan murojaat etdi va bu masalalar o‘z yechimini topdi.
Xususan, shulardan biri Nurota tumanida ichimlik suvi bilan bog‘liq bo‘lgan muammolarning hal etilishi bo‘ldi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti maslahatchisi o‘rinbosari Alisher Usmonov va Navoiy viloyati IIB mutasaddilari sayyor yig‘ilish davomida kelishib olindi.
Muammoni hal etish maqsadida mutasaddilar tez kunlarda imtiyozli kredit evaziga har bir xonadonga artizan quduq qazib berib, suv chiqarish bo‘yicha aniq chora tadbirlar belgilanib, kelishib olindi.
Shuningdek, tadbir davomida mutasaddilar aholining uy-joy bilan ta’minlash, turar joyni kadastr qilish, iste’mol krediti olish, ishsizlik, sog‘liqni saqlash, ichki yo‘llarni ta’mirlash, eskirib ketgan sim yog‘ochlarni yangilariga almashtirish masalalari bo‘yicha ham bildirgan shikoyatlarini tinglab, o‘z joyida murojaatlarning aksariyat qismini qanoatlantirishdi.
O‘zbekiston prezidenti joriy yilning 12-mart sanasida Nurota tumaniga tashrifi chog‘ida tumanni ijtimoiy iqtisodiy rivojlantirish uchun 63 milliard so‘m mablag‘ ajratilgani haqida ma’lumot bergan edi. Uchrashuvlar davomida hududdagi ishsizlik masalasi mazkur mablag‘lardan aholiga 8% bank kreditlari ajratish orqali hal etilishi ham aytib o‘tildi.
Tadibir yakunida viloyat va tuman rahbariyati e’tibori uchun tashkilotchilar tomonidan aholidan kelib tushgan murojaatning har biri O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti administratsiyasining nazoratida turishi ta’kidlanib, bir oz vaqt o‘tgach ushbu muammolarning hal etilishi holati bo‘yicha barcha tuman va viloyatlarda qayta tekshiruvlar o‘tkazilishi alohida ta’kidlab o‘tildi.