MIB xodimlarining 570 nafari vazifasini "lozim darajada bajarmagani" sabab ishdan ketgan

Majburiy ijro burosi xodimlari xizmatdagi tashabbuskorligi, tezkorligi, xizmat vazifalarini vijdonan va namunali bajarganliklari uchun rag‘batlantiriladi
Sputnik

TOShKENT, 28 mar - Sputnik. Majburiy ijro burosi tashkil topgandan hozirga qadar ming nafardan ziyod bo‘shatilgan xodimlarning 570 nafardan ortig‘i, xizmat vazifasini lozim darajada bajarmagan sababli vazifasidan ozod etilgan, deb xabar qildi Sputnik muxbiriga buro matbuot-xizmati.

Pichoqlangan MIB xodimi prezident farmoniga ko‘ra "Jasorat" medali bilan taqdirlandi

Buro xodimlarini rag‘batlantirish qay tartibda amalga oshiriladi, degan savolga "ular xizmatdagi tashabbuskorligi, tezkorligi, xizmat vazifalarini vijdonan va namunali bajarganliklari uchun rag‘batlantiriladilar", deya javob berildi.

Rag‘batlantirish turlariga pul mukofoti, ilgari berilgan intizomiy jazoni amal qilish muddati tugashidan avval olib tashlash, faxriy yorliq, sovg‘a, qimmatbaho sovg‘a va darajali unvon berish kabilar kirar ekan.

Shu bilan birga, Buro organlari -  o‘z vazifasini lozim darajada bajarmagan yoki nojo‘ya xatti-harakat sodir etgan xodimlarga nisbatan ham murosasiz munosabatda bo‘lib kelinmoqda. 

Xodimlarga nisbatan intizomiy jazolar o‘z xizmat vazifalarini bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi, Buro xodimi degan nomga dog‘ tushiradigan nojo‘ya xatti-harakat sodir etganligi uchun qo‘llaniladi.

Bunday xodimlarga nissbatan xizmatdan bo‘shatish intizomiy jazosi qo‘llanilishi mumkin.