Qozog‘istonda harbiy vertolot halokatga uchradi

Bortida 13 inson bo‘lgan havo kemasi to‘liq yonib ketgan, qurbonlar bor
Sputnik

TOShKENT, 27 mar - Sputnik. Qozog‘istonning Qizilo‘rda viloyatida MI-8 harbiy vertoloti halokatga uchradi. Bortida 13 inson bo‘lgan havo kemasi to‘liq yonib ketgan, qurbonlar bor, deb xabar qilmoqda Sputnik Qozog‘iston.

Xabarda aytilishicha, mamlakat Favqulodda vaziyatlar qo‘mitasi Qizilo‘rda viloyati Jalagash tumanida Qozog‘iston harbiy-havo kuchlariga qarashli MI-8 vertoloti yerga qulagani haqida xabar bergan.

Ma’lumotga ko‘ra, halokat to‘g‘risida xabar "112" pultiga 17:35da kelib tushgan. "Vertolot noma’lum vaziyatda yerga qulagan va to‘liq yonib ketgan", - deyiladi xabarda.

Mudofaa vazirligi vertolot bortida 13 kishi bo‘lganiga aniqlik kiritgan.

"Halokat joyidan olingan xabarlarga ko‘ra, qurbonlar bor. Jabrdiydalar holatiga aniqlik kiritilmoqda", - deyilgan Mudofaa vazirligi xabarida.

Ta’kidlanishicha, havo kemasi to‘rtta jangovar mashina tarkibida Aktaudan Shimkentga qarab yo‘l olgan bo‘lgan.

Yuz bergan hodisa bo‘yicha mamlakat IIV tomonidan Mudofaa vazirligi bilan hamkorlikda surishtiruv ishlari boshlab yuborilgan.