Shavkat Mirziyoyev BAAdagi “Masdar City” texnoparki bilan tanishdi

Texnopark hududiga avtomobillar kirishi taqiqlangan. Manzillarga haydovchisiz boshqariladigan elektr transportlarida boriladi.
Sputnik

TOShKENT, 27 mar - Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Masdar City” texnoparkiga tashrif buyurdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar qildi.

Dubay amiri Shavkat Mirziyoyevning tashrifi haqida o‘zbek tilida tvit yozdi

“Masdar City” zamonaviy texnologiyalar va muhandislik yutuqlari asosida bunyod etilgan innovatsion shaharchadir. 600 gektarni egallagan texnopark ekologik toza hudud hisoblanib, bu yerda faqatgina muqobil energiya – quyosh batareyalari va fotoelektr qurilmalaridan foydalaniladi. Hududga avtomobillar kirishi taqiqlangan. Manzillarga haydovchisiz boshqariladigan elektr transportlarida boriladi.

Shavkat Mirziyoyev quyosh panellari ishlab chiqarish bo‘yicha ilmiy izlanishlar olib boriladigan laboratoriya faoliyati bilan tanishdi. Bunday maskanlar fan-texnika yutuqlaridan unumli foydalangan holda insoniyatning atrof-muhitga ta’sirini kamaytirish, mamlakatlar o‘rtasida ilmiy hamkorlikni mustahkamlashda muhim o‘rin tutishi qayd etildi.

Davlati rahbari Xalifa universitetida mazkur sohada ilmiy izlanish olib borayotgan o‘zbekistonlik talaba qiz bilan suhbatlashdi. Bu yerda olgan bilim va tajribalarini O‘zbekistonda tatbiq etib, mamlakatda muqobil energetikani rivojlantirishga hissa qo‘shish muhimligini ta’kidladi.

Shavkat Mirziyoyev BAAdagi “Masdar City” texnoparki bilan tanishdi