TOShKENT, 27 mar — Sputnik. Rossiya Ukraina, Belarus, Qozog‘iston yoki Arktikada urush boshlashni rejalashtirmoqda, deb bayonot qildi Ukrainaning AQShdagi sobiq elchisi Yuriy Sherbak o‘z kitobi taqdimoti vaqtida. Diplomat chiqishi aks etgan video "Politnavigator"ning YouTube-kanalida joylashtirilgan.
Sherbakning so‘zlariga ko‘ra, Moskva zarba berishning to‘rt yo‘nalishini ko‘rib chiqmoqda.
"Zarba to‘rt yo‘nalishda bo‘ladi: birinchisi – Ukraina bo‘ylab. Havo hujumiga qarshi mudofaa qudratimiz qay darajadaligini bilmayman, shu bois biz mojaro zonasidamiz, deya ayta olaman. Hech kim biz uchun urushgani kelmaydi. NATO a’zosi emas ekanmiz, Polsha, Amerika, Fransiyadan askarlar yetib kelmaydi. Zarbaning ikkinchi yo‘nalishi – Belarus, bu davlat ustida ulkan tahdid osilib turibdi. Uchinchisi – Qozog‘iston. Nazarboyev hukumatdagi o‘zgarishlarni bekorga amalga oshirgani yo‘q, u o‘z davlati bilan nimalar sodir bo‘lishini tushungan", - deb hikoya qilgan sobiq elchi.
Diplomatning so‘zlariga ko‘ra, oxirgi yo‘nalish - Arktika yo‘nalishida urush joriy yil boshlanishi mumkin.
"To‘rtinchi yo‘nalish esa - siz ehtimol, juda ajablanishingiz mumkin, bu aniq Arktika zonasida sodir bo‘ladi. Rossiya uni o‘z hududi deb e’lon qilgan, va bu asossizdir, u Katta shimoliy yo‘lni yopmoqchi. Arktika muzlar erigach, tozalanib, juda qulay hududga aylanadi. Ular o‘ziniki deb e’lon qilmoqchi, amerikaliklar esa bunga rozi emasligini bildirdi, va o‘sha hududda jangovar kemalar harakatlanadi. Shu bois urush bu zonada juda tez orada: joriy yilda yoki kelasi yilda yuz berishi mumkin", - deb ma’lum qilgan Sherbak.
Diplomat Rossiya Arktikada bir qator harbiy bazalarga asos solganini ham qo‘shimcha qilgan.