MOQ Lina Cherazova yaqinlariga ta’ziya bildirdi

Lina Cherazova 1994-yili Norvegiyaning Lillexammer shahrida o‘tkazilgan qishki Olimpiya o‘yinlarida fristaylning akrobatika yo‘nalishida ishtirok etib, oltin medalga sazovor bo‘lgan.
Sputnik

TOShKENT, 26 mar — Sputnik. O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi mahoratli sovet va o‘zbek fristaylchisi Lina Cherazovaning yaqinlari va oila-a’zolariga hamdardlik bildirdi. Sportchi 23-mart kuni Novosibirskda og‘ir xastalikdan so‘ng vafot etdi.

“O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi Cherazovaning yaqinlari va oila-a’zolariga chuqur hamdardlik bildirib qoladi”, - deyiladi xabarda.

Lina Cherazova O‘zbekiston tarixida ilk Olimpiya o‘yinlari chempioni  bo‘lgan.

Lina Cherazova 1968-yil 1-noyabr kuni Toshkentda tavallud topgan. 1994-yili Norvegiyaning Lillexammer shahrida o‘tkazilgan qishki Olimpiya o‘yinlarida fristaylning akrobatika yo‘nalishida ishtirok etib, oltin medalga sazovor bo‘lgan. Bu hozirgacha O‘zbekiston vakillarining qishki Olimpiya o‘yinlarida qo‘lga kiritgan birinchi va yagona medali sifatida ta’kidlab kelinadi. Shuningdek, Cherazova 1993-yili jahon chempionatida ham shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarilgan edi. Sportchi umrining so‘nngi yillarini onasi tug‘ilgan Rossiyaning Novosibirsk shahrida yashadi.

Lina Cherazova 1994-yili O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sportchi, 1998-yili esa “Mehnat shuhrati” ordeni va “O‘zbekiston iftixori” faxriy unvoni bilan bilan mukofotlangan.