TOShKENT, 25 mar – Sputnik. O‘zbekiston – Xitoy uchrashuvdan keyin tashkil qilingan matbuot anjumanida Ektor Kuper ishtirok etib, o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
O‘zbekiston Futbol assotsiatsiyasi xabariga asosan.
“Bugun gol kiritish uchun ko‘plab vaziyatlarga ega bo‘ldik. Ammo faqat ularning bittasidan unumli foydalandik. Biz bu kelgusida bu yo‘nalishda ish olib boramiz. O‘ylaymanki, bu musobaqadan o‘rin olgan o‘yinlar biz uchun yaxshi tayyorgarlik vazifasini o‘tab berdi. Endilikda xato va kamchiliklarni tahlil qilib chiqamiz. Avval ham aytganimdek, bor e’tiborimiz Jahon chempionati saralashiga qaratilgan.
Otabek Shukurovning jarohati jiddiy. Terma jamoamiz shifokorlarining xabar qilishicha, Shukurov kamida ikki oyga safdan chiqdi.
O‘zbekistonning Xitoyga qarshi avvalgi o‘yinlari bilan bugungi o‘yinni solishtira olmayman. Men avvalgi o‘yinlarda terma jamoa bosh murabbiyi emasdim. Ammo Xitoyda tarkibda yangi futbolchilar borligi bilaman. Kannavaro ular bilan yaxshi jamoa shakllantira olishiga ishonaman. Xitoy ham biz kabi bor e’tiborini Jahon chempionati saralashiga qaratgan. O‘ylashimcha, Qatar 2022 ga chiqish uchun Osiyodagi barcha terma jamoalar qattiq kurash olib borishadi. Biz yo‘llanmani qo‘lga kiritish uchun bor kuchimizni sarflaymiz”, - dedi Kuper.