TOShKENT, 25 mar – Sputnik. O‘zbekiston va BAA o‘rtasida 10 milliard dollardan ortiq hajmdagi kelishuvlarga erishildi, deb xabar qildi prezident matbuot xizmati.
Kengaytirilgan tarkibdagi muzokaralardan so‘ng ikki tomonlama imzolangan hujjatlarni almashish marosimi bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi va BAA o‘rtasida Qo‘shma bayonot qabul qilindi.
Investitsiyalar, moliya, muqobil energetika, sanoat va infratuzilmani rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi, bojxona ma’muriyatchiligi, madaniyat va boshqa sohalardagi hamkorlik bo‘yicha imzolangan hujjatlar almashildi. Umuman, tashrif doirasida umumiy qiymati 10 milliard dollardan ortiq bo‘lgan kelishuvlarga erishilgani ma’lum qilindi.
Shundan so‘ng, prezident Shavkat Mirziyoyev va Abu-Dabi Amirligi valiahdi Muhammad bin Zoid Ol Nahayonning tor doiradagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Samimiy muloqot chog‘ida siyosat, investitsiya, xavfsizlik sohalari yuzasidan fikr almashildi. Savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, energetika va infratuzilma yo‘nalishida qo‘shma loyihalarni ishlab chiqish, fan-texnologiya va ta’lim sohalarida hamkorlikni rivojlantirishga kelishib olindi.
Uchrashuvda xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik masalalarga ham to‘xtalib o‘tildi.