O‘zbekistonda yana bir yangi agentlik tashkil etildi

Kichik tadbirkorlik subyektlariga intensiv bog‘lar va issiqxona xo‘jaliklarini tashkil qilish uchun tijorat banklari kreditlari bo‘yicha kredit summasining 50 foizigacha, ammo 5 milliard so‘mdan oshmaydigan miqdordagi mablag‘ga kafillik beriladi.
Sputnik

TOShKENT, 22 mar — Sputnik. O‘zbekistonda  Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzurida Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish agentligi tashkil etildi hamda uning asosiy vazifalari belgilandi. Bu haqda “Huquqiy axborot” kanali orqali xabar qilindi.

Bu prezident Shavkat Mirziyoyev imzolagan “ O‘zbekiston Respublikasida bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida aytib o‘tilgan.

Fermerlarga yer beriladi

Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etildi.

Jamg‘arma mablag‘lari, jumladan, bog‘larda va issiqxonalarda irrigatsiya tadbirlarini o‘tkazish, suv yetkazib berish, artezian quduqlari, quduqlar va rezervuarlar barpo etish, suv yetkazib berish uchun nasos va quvurlar, suv saqlash uchun sig‘imlar xarid qilish uchun sarflanadi.

Tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish asosidagi suv tejovchi sug‘orish texnologiyalarini joriy qilgan yangi tashkil etiladigan bog‘lar va issiqxona xo‘jaliklari subsidiya ajratish yo‘li bilan qo‘llab-quvvatlanadi.

Bunda ajratiladigan subsidiya miqdori quyidagicha belgilandi:

-  bir gektar ekin maydoniga suv tejovchi sug‘orish texnologiyalarini joriy etishga 6 million so‘mdan oshmaydigan miqdorda;

- maydoni 35 gektardan ziyod bog‘larda suv chiqarish uchun burg‘ilangan quduqni, shuningdek suv tortish uchun nasos stansiyasini qurishga 120 million so‘mdan oshmaydigan miqdorda.

Kichik tadbirkorlik subyektlariga intensiv bog‘lar va issiqxona xo‘jaliklarini tashkil qilish uchun tijorat banklari kreditlari bo‘yicha kredit summasining 50 foizigacha, ammo 5 milliard so‘mdan oshmaydigan miqdordagi mablag‘ga kafillik beriladi.

Isroil kompaniyalari O‘zbekistonda yangi fermerlik korxonasini ochishdi

2019 yil 1-sentabrga qadar bog‘ plantatsiyalari va issiqxona xo‘jaliklarining yagona elektron reyestri shakllantiriladi, 2019-yil 1-oktabrga yetishtirilayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining navlari, turlari va prognoz ko‘rsatkichlari, pishish vaqti to‘g‘risidagi zarur ma’lumotlarni olish imkonini beruvchi axborot platformasi ishga tushiriladi.

2020 yil 1-yanvarga qadar muddatda mavjud yer osti suv resurslarining miqdori va sifati to‘g‘risidagi ma’lumotlar ko‘rsatilgan yer osti suvlari xaritalari ishlab chiqiladi.

Respublikadagi bog‘dorchilikka ixtisoslashtirilgan tumanlarda “ishlab chiqarish – tayyorlash – saqlash – qayta ishlash – qadoqlash (tara) – tashish – ichki va tashqi bozorlarga yetkazib berish” tamoyili asosida meva savdo-logistika markazlari tashkil etiladi.