Erdo‘g‘on butun dunyoni kuchayib borayotgan islomofobiyaga qarshi kurashishga chaqirdi

Erdo‘g‘on shuningdek, G‘arb davlatlarining neonatsist tashkilotlarini terroristik tuzilmalar sifatida tan olishga da’vat qilgan.
Sputnik

TOShKENT, 22 mar – Sputnik. Insoniyat islomofobiyaga qarshi, Xolokostdan keyingi antisemitizmga qarshi kurashgandek qat’iyat bilan kurashmog‘i lozim, deb bayonot qildi Turkiya prezidenti Toyib Erdo‘g‘on Yangi Zelandiyadagi masjidga uyushtirilgan hujumga izoh berar ekan.

O‘zbekiston musulmonlar idorasi Yangi Zelandiyadagi hujumga munosabat bildirdi

O‘tgan hafta juma kuni Kraystcherch (Yangi Zelandiya, Janubiy orol)dagi ikkita masjidda otishma yuz berdi, oqibatda, politsiya bergan so‘nggi ma’lumotiga ko‘ra, 50 kishi halok bo‘ldi, yana 50 nafari jarohatlandi.

Yangi Zelandiya Bosh vaziri Jasinda Ardern yuz bergan hodisani terakt deb atadi. Avstraliyalik 28 yashar Brenton Tarrantga Qotillik bo‘yicha ayblovlar qo‘yilgan, sud uning hibs muddatini 5-aprel sanasiga qadar uzaytirgan.

"Turkiya masjidda yuz bergan teraktlar munosabati bilan Yangi Zelandiyadagi musulmonlarga dardkashligini bildiradi. Juma namozi vaqtida pastkashlarcha qilingan hujumni oddiy jinoyat deb baholab bo‘lmaydi. Insoniyat Xolokostdan keyin antisemitizmga qarshi qanday kurashgan bo‘lsa, o‘sib borayotgan islomofobiyaga qarshi ham ana shunday qat’iyatlik bilan kurashmog‘i lozim. Bu singari fojialar qayta takrorlamasligi uchun, islomiy davlatlar ushbu masalada o‘zlarining aniq pozitsiyasini bildirmoqlari kerak", - deb ta’kidladi Erdo‘g‘on Istanbulda Islom hamkorligi tashkilotining favqulodda majlisida chiqish qilar ekan. Ushbu majlis Turkiya raisligida Yangi Zelandiyadagi masjidga uyushtirilgan hujum tufayli chaqirilgan.

Erdo‘g‘on chiqishi NTV telekanali orqali translyatsiya qilingan.

Turkiya yetakchisi musulmonlarni diskriminatsiya qilishga chaqirayotgan G‘arb mamlakatlari siyosatchilari ayovsiz tanqid qilinishi kerakligini qo‘shimcha qilgan. Erdo‘g‘on shuningdek, G‘arb davlatlarining neonatsist tashkilotlarini terroristik tuzilmalar sifatida tan olishga da’vat qilgan.