Bir qator banklarning valyuta birjasi savdolaridagi ishtiroki vaqtincha to‘xtatildi – MB

Markaziy bank to‘qqizta tijorat bankini valyuta birjasi savdolaridan vaqtincha chetlatdi.
Sputnik

TOShKENT, 20 mar – Sputnik. O‘zbekiston Markaziy banki bir qator tijorat banklarining savdolardagi ishtirokini vaqtinchalik to‘xtatdi.

Qayd etilishicha, ular valyuta birjasi (O‘zRVB) savdolarida muntazam qoidabuzarliklarga yo‘l qo‘yishgan.

Hamkorbank, Turkiston bank, Xaytek bank, Universal bank, Invest finans bank, Ipak Yo‘li Bank, Savdogarbank, Trast bank, Aziya Alyans banklarining savdolardagi ishtiroki vaziyat aniqlashtirib olinguniga qadar vaqtinchalik to‘xtatildi.

Markaziy bankning ma’lum qilishicha, valyutani tartibga solish sohasidagi qonunchilikni buzgani uchun mazkur banklarga nisbatan 2018-yil va 2019-yilning o‘tgan davrida 31 holatda jami 2.5 mlrd so‘m miqdorida jarima sanksiyalari qo‘llanilgan.

Shu bilan birga, tijorat banklari xorijiy valyuta oldi-sotdi amaliyotlarini birjadan tashqari valyuta bozorida amalga oshirish huquqiga egadirlar.

Bank mijozlari tijorat banki chet el valyutasini xarid qilish va sotishni rad etgan hollarda Markaziy bankning Bank xizmatlari iste’molchilarining huquqlarini himoya qilish xizmatiga murojaat etishlari mumkin.