O‘zbekiston internet tezligi bo‘yicha reytingdagi pozitsiyasini yaxshiladimi?

Irlandiyaning Ookla kompaniyasiga qarashli Speedtest.net internet-servisi Speedtest Global Index har oylik reytingni e’lon qildi.
Sputnik

TOShKENT, 18 mar – Sputnik. Irlandiyaning Ookla kompaniyasiga qarashli Speedtest.net internet-servisi Speedtest Global Index har oylik reytingni e’lon qildi.

Tuzilgan reytingda 2019-yilning fevral oyiga qadar dunyodagi mobil va simli Internet tezligi haqidagi ma’lumotlar keltirilgan.

O‘zbekiston o‘z pozitsiyasini biroz yaxshilagan. Mamlakat mobil internet tezligi bo‘yicha ikki pozitsiyaga ko‘tarildi va 8,58 Mbit/s. tezlik bilan 126-o‘rinni egalladi. Simli internet tezligi bo‘yicha esa 11,68 Mbit/s. tezlik bilan reytingga kiritilgan 177 davlat orasida 130-pog‘onadan o‘rin oldi.

Reytingda mobil internet tezligi bo‘yicha birinchi o‘rinda Norvegiya (67,34 Mbit /s), simli internet tezligi bo‘yicha Singapur (195,36 Mbit/s) ko‘rsatilgan.

Qayd etish joizki, mobil internet tezligi bo‘yicha MDH mamlakatlari orasida Qozog‘iston 4 pog‘ona yuqoriladi va 80-o‘rinni (18,92 Mbit/s.) egalladi. Rossiya 81-o‘rin (18,85 Mbit/s.), Ukraina 91-o‘rin (17,02, Mbit/s.), Qirg‘iziston 106-o‘rin (12,58 Mbit/s.), Belarus 114-o‘rinda (11,24 Mbit/s.) keltirilgan. Reytingning quyi pog‘onalaridan Tojikiston o‘rin olgan. U 134-o‘rinni (6,20 Mbit/s.) egalladi.

Speedtest reytingi tezlikni o‘zi hisoblab chiqadi va foydalanuvchilarning ma’lumotlariga asoslangan holda tuzadi.