Mashhur hind dizayneri O‘zbekistonning Hindistondagi turizm elchisi etib tayinlandi

Ritu Berining liboslarini jahonga mashhur kino yulduzlari, jumladan, Nikol Kidman, Letitsiya Kasta, Madhuri Dikshit kiyishadi.
Sputnik

TOShKENT, 18 mar — Sputnik. Taniqli hind dizayneri, shaxsiy brend asoschisi Ritu Beri O‘zbekistonning Hindistondagi madaniyat turizmi elchisi etib tayinlandi. Bu haqda Dehli shahrida bo‘lib o‘tgan "O‘zbek musiqa va modasi festivali"da ma’lum qilindi.

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmatining xabar qilishicha, Ritu Berini ko‘pincha “Moda malikasi” va “Hindiston modasi birinchi xonimi” deya e’tirof etishadi. U Parijda o‘z kolleksiyasini namoyish qilgan ilk hind dizayneri hisoblanadi. Ritu Berining liboslarini jahonga mashhur kino yulduzlari, jumladan, Nikol Kidman, Letitsiya Kasta, Madhuri Dikshit kiyishadi.

Dehlida bo‘lib o‘tgan festivalda u an’anaviy o‘zbek liboslari uslublaridan foydalanib, ushbu tadbir uchun maxsus tayyorlangan kiyimlar to‘plamini namoyish etdi.

Ritu Beri o‘ziga bildirilgan bunday yuksak ishonch uchun O‘zbekiston tomoniga chuqur minnatdorlik izhor etdi va Hindistonda O‘zbekistonning madaniy va turistik salohiyatini targ‘ib qilish uchun astoydil harakat qilishga va’da berdi.

“Shuni alohida ta’kidlashni istardimki, O‘zbekiston va Hindistonni madaniyat va san’at umumiyligi bog‘lab turadi. Mamlakatlarimiz azaldan yaqin do‘stona munosabatlarda bo‘lgan. Festival tashkilotchilari qatorida qatnashish men uchun katta sharaf”, - dedi Ritu Beri.

Uning fikricha, O‘zbekiston va Hindiston madaniyatlarining yaqinligi ikki tomonlama munosabatlarni yanada mustahkamlashda muhim omildir. 

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning noyabr oyida Tashkent Fashion Week-2018 moda haftaligida O‘zbekiston prezidentining rafiqasi Ziroatxon Mirziyoyeva va dizayner Ritu Beri uchrashgan edi. Hindistonlik dizayner Ziroatxon Mirziyoyevaning didiga qoyil qolib, Instagramdagi sahifasida u bilan birga tushgan suratni joylashtirgan edi.