O‘zbekiston Hukumati rahbarlari Mirabror Usmonov oilasiga ta’ziya bildirdi

Sputnik

TOShKENT, 16 mar - Sputnik. O‘zbekiston hukumati rahbarlari nomidan Oliy Majlis Senati Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi raisining o‘rinbosari, taniqli davlat va jamoat arbobi, senator Mirabror Zufarovich Usmonov vafoti munosabati bilan "O‘zA"da nekrolog e’lon qilindi.

Shavkat Mirziyoyev Mirabror Usmonov oilasiga ta’ziya bildirdi

Usmonov 1947-yil Toshkent shahrida tug‘ildi, 1978-yilda Samarqand kooperativ (hozirgi iqtisodiyot va servis) institutini iqtisodchi mutaxassisligi bo‘yicha tamomladi. O‘z ish faoliyatini 1964-yilda Toshkent shahridagi "Bahor" restoranida boshladi. Keyinchalik Toshkent shahridagi bir qator restoranlarda turli vazifalarda ishladi. 

O‘z hayotini el-yurt xizmatiga bag‘ishlagan M.Usmonov ko‘p yillar mobaynida Toshkent shahar restoranlar tresti direktori, Toshkent shahar ijroiya qo‘mitasi umumiy ovqatlanish bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimlarida samarali faoliyat ko‘rsatdi.

Mustaqillikning dastlabki yillaridagi murakkab o‘tish davrida mamlakatimizda oziq-ovqat ta’minotini yaxshilash, ichki bozorni sifatli iste’mol tovarlari bilan to‘ldirish, savdo va maishiy xizmat sohalarida islohotlarni amalga oshirish va malakali kadrlar tayyorlash borasida uning xizmatlari katta bo‘ldi. 

Boy mehnat va hayot tajribasiga ega bo‘lgan bu zahmatkash insonning rahbarlik va tashkilotchilik qobiliyati O‘zbekiston Respublikasi savdo vaziri, "O‘zbeksavdo" davlat uyushmasi raisi, Bosh vaziri o‘rinbosari kabi mas’ul vazifalarda ishlagan yillarida yaqqol namoyon bo‘ldi. 

U 2005-2019 yillar mobaynida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining qo‘mita raisi, rais o‘rinbosari lavozimlarida faoliyat olib borib, milliy parlamentimiz rivojiga munosib hissa qo‘shdi.

Senator Mirabror Usmonov vafot etdi

M.Usmonov O‘zbekiston futbol federatsiyasi hamda Milliy olimpiya qo‘mitasi raisi sifatida ham samarali faoliyat olib borib, ushbu sohalarni rivojlantirish, mamlakatimizning xalqaro nufuzini yuksaltirish borasida jonbozlik ko‘rsatdi. 

Uning jamoat ishlaridagi faol ishtiroki, sog‘lom va barkamol avlodni voyaga yetkazish yo‘lidagi katta xizmatlari el-yurtimizga yaxshi ma’lum.

M.Usmonovning ko‘p yillik samarali mehnati davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi” faxriy unvoni, "Do‘stlik", "Mehnat shuhrati", "Fidokorona xizmatlari uchun", "El-yurt hurmati" ordenlari bilan mukofotlangan edi.

Tashabbuskor va tashkilotchi rahbar, mehribon ustoz, samimiy va kamtarin inson Mirabror Usmonovning yorqin xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi. 

Sh.Mirziyoyev, N.Yo‘ldoshev, N.Ismoilov, A.Aripov, J.Ortiqxo‘jayev, Sh.Jalilov