TOShKENT, 15 mar – Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev Mirabror Usmonov xonadoniga tashrif buyurib, rafiqasi va farzandlariga hamdardlik bildirdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar qildi.
Qur’on tilovat etilib, marhumning haqiga duo qilindi. Prezident marhumning ezgu ishlarini yodga oldi.
“Mirabror Usmonov mustaqilligimizning og‘ir-yengil kunlarini tortgan, xalqimizga, Vatanimizga katta xizmatlar qilgan ulug‘ inson edi. Odamlarga qo‘lidan kelgancha yaxshilik qilardi. Oilasiga, yurtiga, davlatga sadoqatli edi. Keyingi paytlarda sog‘ligi yaxshi bo‘lmasa ham Senatning hamma majlislarida qatnashishga harakat qildi, foydam tegsin derdi”, – dedi davlat rahbari.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati a’zosi, davlat va jamoat arbobi Mirabror Usmonov shu yil 15-mart kuni og‘ir xastalik tufayli vafot etdi.