TOShKENT, 15 mar – Sputnik. O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasining sobiq prezidenti, senator Mirabror Zufarovich Usmonov 15-mart kuni 71 yoshida olamdan o‘tdi, deb xabar qildi O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi.
Eslatib o‘tamiz, Mirabror Usmonov 12-mart kuni o‘pka va nafas yo‘llari bilan bog‘liq kasallik sabab Milliy olimpiya qo‘mitasi klinikasining (“Ezgu niyat”) jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan edi.
Mirabror Zufarovich 2013-2017 yillar davomida O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti sifatida faoliyat olib borgan. Aynan uning rahbarligida O‘zbekiston delegatsiyasi 2016-yili Rio Olimpiadasida o‘zining eng yaxshi natijasini qayd etdi (4 ta oltin, 2 ta kumush va 7 ta bronza medal).
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiyi Mirabror Usmonov 1995-yilda “Mehnat shuhrati” ordeni, 1997-yilda O‘zbekiston Respublikasi Faxriy yorlig‘i, 2006-yilda “O‘zbekiston mustaqilligining 15-yilligi” esdalik nishoni, 2012-yilda “El-yurt hurmati” ordeni, 2017-yilda “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlangan. 2014-yili esa FIFAning “Xizmatlari uchun” maxsus ordeni va Osiyo Olimpiya Kengashining “Oltin ordeni” bilan taqdirlangan. Shuningdek, 2006-yildan 2017-yilgacha O‘zbekiston futbol federatsiyasi prezidenti lavozimida faoliyat olib borgan.
Sputnik O‘zbekiston tahririyati marhumning oila-a’zolariga, yaqinlariga chuqur hamdardlik bildiradi.